AsosiyJamiyat

Prezidentlikka nomzod Robaxon Maxmudovaning sudyalik vakolatlari to`xtatildi

'Prezidentlikka nomzod Robaxon Maxmudovaning sudyalik vakolatlari to`xtatildi'ning rasmi

2023 yil 12 may kuni O`zbekiston Respublikasi "Adolat" sosial-demokratik partiyasi Plenumida mazkur partiyadan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo`lajak nomzod sifatida Robaxon Anvarovna Maxmudova nomzodi ilgari surilgani haqida xabar bergan edik.

Sudyalar oliy malaka hay`ati R. A. Maxmudovaning arizasi va sud qonunchiligiga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o`rinbosari – ma`muriy sudlov hay`atining raisi R. A. Maxmudovaning sudyalik vakolatlarini to`xtatib turish haqida qaror qabul qildi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi xabar bermoqda.

O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 19, 128-moddalariga asosan O`zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari jinsi, irqi, millati, tili, dini, e`tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qat`i nazar, teng huquqlidirlar. Fuqarolar davlat hokimiyati organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar.

Qonunchilikka ko`ra sudya siyosiy faoliyat bilan shug`ullanishga haqli emas. Saylov kodeksiga asosan siyosiy partiya O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga o`z partiyasi a`zolari orasidan yoki partiyasizni nomzod etib ko`rsatishga vakolatlidir.

    Boshqa yangiliklar