AsosiyDunyo

Bugun Turkiyada prezidentlik va parlament saylovlari bo`lib o`tadi

'Bugun Turkiyada prezidentlik va parlament saylovlari bo`lib o`tadi'ning rasmi

Turkiyada bugun, 14 may kuni 28-chaqiriq prezidentlik va parlament saylovlari bo`lib o`tadi. Saylov uchastkalari ertalab soat 8:00 da ochildi va mahalliy vaqt bilan 17:00 da yopiladi. Bu haqda Anadolu axborot agentligi xabar bermoqda.

Xabarda aytilishicha, Respublika bo`yicha jami 191 885 ta saylov qutilari o`rnatilgan.

Turkiya va xorijda 64,1 milliondan ortiq saylovchi ovoz beradi. Taxminan 4,9 million kishi birinchi marta ovoz beradi.

Saylovchilar shaxsini tasdiqlovchi rasmiy hujjatlardan biri bilan ovoz berishlari mumkin.

Saylovchilarga 2 ta byulleten beriladi: prezident va deputatlar uchun. Saylovchilar ikkita alohida byulletenni bitta konvertga solib, saylov qutisiga tashlaydilar.

Turkiya MSK fevral oyidagi zilzilalardan jabr ko`rgan mamlakatning 11 viloyatida ovoz berishni o`tkazish uchun zarur choralarni ko`rdi. Bu hududlarda saylov qutilari maxsus idishlar va maktablarga o`rnatilgan.

Xorijiy saylov uchastkalarida 3,4 milliondan ortiq kishi ovoz berishda ishtirok etishi mumkin edi. Ular uchun 73 ta davlatda va 156 ta xorijiy vakolatxonalarda saylov komissiyalari tuzildi. Turkiyaning xorijiy vakolatxonalarida ovoz berish jarayoni 9 may kuni yakunlandi.

Turkiyadagi prezidentlik saylovlarida uch nomzod – amaldagi davlat rahbari Rajab Toyyib Erdo`g`on, muxolifatdagi Jumhuriyat Xalq partiyasi etakchisi Kamol Qilichdoro`g`li va “ATA Alliance” blokidan nomzod Sinan O`g`on ishtirok etmoqda.

“Ona Vatan” partiyasi raisi, Turkiya prezidentligiga nomzod Muharrem Inje 11 may kuni nomzodlikdan voz kechishini ma`lum qildi.

Saylovda ishtirok etish uchun 24 ta siyosiy partiya va 151 nafar mustaqil nomzod ro`yxatga olingan.

Agar birinchi turda nomzodlardan hech biri mutlaq ko`pchilik ovozni qo`lga kirita olmasa, ikkinchi tur 28 may kuni bo`lib o`tadi.

    Boshqa yangiliklar