Qirg`iziston milisiyasi katta miqdordagi qurol-yarog` va o`q-dorilarni topdi. Talonchilikda gumon qilingan sakkiz kishi qo`lga olindi. Ular orasida o`zbekistonliklar ham bor. Bu haqda Kaktus.medianashri yozdi.
12 may kuni ichki ishlar xodimlari Qora-Suv tumanida zirhli jip avtomobiliga o`q uzish va valyuta ayirboshlash shoxobchasidan 10 millionlab qirg`iz so`mini o`marishda gumonlanayotgan uyushgan jinoiy guruh a`zolarini qo`lga olgan.
Milisiya sakkiz kishini tergov izolyatoriga joylashtirgan. Ushlanganlar orasida O`zbekistonning uch nafar fuqarosi borligi, ulardan biri, 1993 yilda tug`ilgan A.T. davlatlararo qidiruvga berilgani aytilmoqda.
Shuningdek, hibsga olinganlar orasida muqaddam sudlanganlar va xalqaro terroristik tashkilotga aloqador shaxslar, shu jumladan Suriyada jang qilganlar ham bor.
Gumonlanuvchilarning uylarini tintuv qilish chog`ida katta hajmdagi qurol-yarog` va o`q-dorilar, jumladan, o`nlab pulemyotlar, granatalar, to`pponchalar, snayper miltiqlari va boshqalar topilgan.






