“Tabiiy gaz va suyuq uglevodorodni qazib chiqarish, qayta ishlash hamda realizasiya qilish hisobini yuritish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, 2023 yil 1 iyulgacha barcha tabiiy gazni qabul qilish va uzatish nuqtalariga onlayn elektron hisoblagichlar o`rnatiladi.
Mazkur hisoblagichlar soliq organlarining axborot tizimlari bilan integrasiya qilinib, yagona avtomatlashtirilgan tabiiy gaz harakati tizimi joriy etiladi.
2023 yil 1 oktyabrdan O`zbekistondan tabiiy gazni quvurlar orqali tashiydigan korxonalarning gazni qabul qilish va uzatish nuqtalariga xromatograf hamda elektron hisoblagichlar o`rnatilishi majburiy hisoblanadi.
2023 yil 1 iyulgacha tabiiy gaz va suyuq uglevodorodni realizasiya qilish to`g`risidagi shartnomalarga oid ma`lumotlarni kiritish uchun axborot tizimi joriy etiladi.
2023 yil 1 oktyabrdan:
tabiiy gaz va suyuq uglevodorodni realizasiya qilish to`g`risidagi shartnomalarga oid ma`lumotlar Soliq qo`mitasining axborot tizimiga kiritib boriladi;
mazkur shartnomalar yuzasidan elektron hisobvaraq-fakturalar Soliq qo`mitasining axborot tizimiga kiritilgan ma`lumotlar asosida shakllantiriladi.
2024 yil 1 oktyabrgacha respublikada qo`shimcha 2 ta gaz o`lchash stansiyasi quriladi.






