AsosiyJamiyat

ETTB ishtirokidagi loyihalarning qiymati 4 mlrd evrodan ortiqni tashkil etadi

'ETTB ishtirokidagi loyihalarning qiymati 4 mlrd evrodan ortiqni tashkil etadi'ning rasmi

Bugundan Samarqand shahrida ETTB Boshqaruvchilar kengashining «Muvofiqlikka sarmoya kiritish» mavzusidagi 32- yillik yig`ilishi o`z ishini boshladi. Tadbirga har tomonlama tayyorgarlik ko`rish doirasida 2022 yil iyun oyidan 2023 yil mart oyigacha ETTB ishchi guruhining protokol, logistika va boshqa yo`nalishlar bo`yicha 5 ta tashrifi tashkil etildi. Yillik uchrashuv va biznes-forum 2000 dan ortiq yuqori martabali davlat amaldorlari, moliyaviy va korporativ rahbarlar, fuqarolik jamiyati vakillari va global ommaviy axborot vositalarini birlashtiradigan dinamik tadbirlar va panel muhokamalaridan iborat. Tadbir shuningdek, ETTB o`tgan yil davomida erishgan yutuqlarini ko`rib chiqish va kelajak rejalarini belgilash imkoniyatini beradi. Biznes forumning asosiy mavzusi barqarorlikka sarmoya kiritish hisoblanadi. Tadbirning uch kunlik kun tartibidan turli mavzularda ekspertlar ishtirokida bir qator muhokama sessiyalari o`rin olgan.  
O`zbekistonning ETTB bilan munosabatlari 

O`zbekiston 1992 yil 30 aprelda ETTBga a`zo bo`lgan. Respublika ETTBning Shveysariya guruhiga kiradi, unga Shveysariya, Ukraina, Lixtenshteyn, Turkmaniston, Serbiya, Chernogoriya va Moldova kiradi. 1993 yil may oyida Toshkentda bank vakolatxonasi ochilgan, 2019 yil oktabr oyida – Andijonda, 2021 yil iyunda – Urganchda o`z ish faoliyatini yo`lga qo`ygan. Bugungi kunga kelib, respublikada ETTB ishtirokida loyihalarning umumiyqiymati 4 mlrd evrodan ortiqni tashkil etadi. Ularning soni esa 129 taga etgan. Shu bilan birga, ularning 70 tasi (2,3 mlrd evrodan ortiq) 2017 yildan buyon amalga oshirildi. ETTB 2022 yilda loyihalarga 839 million evro ajratdi, bu esa 2021 yilga nisbatan 30 foizga ko`pdir. Respublika 3 yil davomida Markaziy Osiyoda ETTB moliyalashtirish bo`yicha etakchi bo`lib kelmoqda. Bank O`zbekistondagi faoliyatida davlat korxonalari va banklarini o`zgartirish va xususiylashtirish, to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarni jalb etish, yashil rivojlanish loyihalarini, energetika va transportni qo`llab-quvvatlash, davlat-xususiy sheriklikning samarali mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, ayollar va yoshlar tadbirkorligi dasturlarini qo`llab-quvvatlashda alohida e`tibor qaratilmoqda. Xususan, ETTB ishtirokida vazirlik va idoralar tomonidan «Davlat-xususiy sheriklik to`g`risida»gi qonun ishlab chiqildi. Bank Buxoro viloyatida umumiy quvvati 1 GVt bo`lgan ikkita shamol elektr stansiyasini qurish uchun 520 million dollar ajratdi. ETTB Sarimay va Jankeldi qishloqlari o`rtasida uzunligi 120 km bo`lgan yuqori voltli elektr uzatish liniyasini qurishda ham ishtirok etmoqda.  

ETTB haqida nimalarni bilamiz?  

Evropa tiklanish va taraqqiyot banki xalqaro moliya instituti hisoblanadi. 1991 yilda tuzilgan. Bosh qarorgohi London shahrida joylashgan. Asosiy maqsad mamlakatlarga bozor iqtisodiyotiga o`tishga yordam berish, ularni jahon xo`jalik hamjamiyatiga integrasiyalashuvi, tarkibiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, shu jumladan monopoliyadan chiqarish, markazsizlashtirish, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish. ETTB tashkil etilganidan beri umumiy qiymati 180 milliard evrodan ortiq bo`lgan 6500 dan ortiq loyihalarni amalga oshirdi. ETTBning oliy boshqaruv organi – Boshqaruv kengashi bo`lib, u o`z vakolatlarining katta qismini bank faoliyatining strategik yo`nalishi uchun mas`ul bo`lgan Direktorlar kengashiga topshiradi. Direktorlar kengashiga ETTB prezidenti boshchilik qiladi. Amaldagi prezident Fransiya fuqarosi Odil Reno-Basso bo`lib, u 2020 yil iyul oyida lavozimga kirishgan. Bankning ustav kapitali 30 milliard evroni tashkil etadi. ETTB o`z obligasiyalarini xalqaro moliya bozorlarida chiqarish orqali mablag` jalb qiladi. Bugungi kunga kelib, bank faoliyati Markaziy va Sharqiy Evropa, Markaziy Osiyo, MDH, Janubiy va Sharqiy O`rtaer dengizining 35 ta davlati va Mo`g`ulistonni qamrab oladi.

    Boshqa yangiliklar