Ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar bo`limi boshlig`i shahar prokurorining noqonuniy talablarini bajarishni rad etganligi haqidagi video tarqalgandi.
Bosh prokuratura holat bo`yicha izoh berdi.
Aniqlanishicha, fuqaro B.Xadiev tegishli hujjatlarsiz, o`zboshimchalik bilan Qashqadaryo viloyati ko`p tarmoqli tibbiyot markaziga kirish darvozasi yonida savdo do`konini qurib olgan bo`lib, savdo do`koni tez tibbiy yordam mashinalarining shifoxona hududiga kirib – chiqishiga to`sqinlik qilganligi va fuqarolarning e`tirozlariga sabab bo`layotganligi uchun B.Xadiev noqonuniy qurilmani ixtiyoriy buzib olish to`g`risida bir necha marta ogohlantirilganligi va ma`muriy javobgarlikka tortilganiga qaramasdan, noqonuniy qurilishni bartaraf etish choralarini ko`rmagan.
Mazkur holat Qarshi shahar prokurori tomonidan nazoratga olingan bo`lib, shu yil 13 aprel kuni Qarshi shahar IIO FMB huzuridagi 4-sonli IIB boshlig`i A.Jo`raev mutasaddi idoralar bilan birgalikda B.Xadievga noqonuniy qurilmani ixtiyoriy bartaraf etish bo`yicha ko`rsatma berish uchun borgan.
Shu vaqtda B.Xadievning turmush o`rtog`i mas`ul xodimlarga faol qarshilik ko`rsatib, ularni xizmat vazifalarini bajarishdan voz kechishiga majburlash maqsadida savdo do`konini buzmasligini bildirib, kiyimlariga benzin sepib, o`zini-o`zi yoqish bilan qo`rqitgan, deyiladi Bosh prokuratura ma`lumotida.
So`ngra, A.Jo`raev o`ziga yuklatilgan vazifalarni bajarishdan bo`yin tovlab, fuqaroga noqonuniy qurilmani ixtiyoriy bartaraf etish haqidagi dalolatnomani topshirish choralarini ko`rmasdan, soxta obro` orttirish maqsadida shahar prokurorining o`z xizmat vazifalarini lozim darajada bajarishi haqidagi talabiga nisbatan go`yoki prokuror fuqaro manfaatlariga zid harakat qilayotganligi haqida asossiz vajlar keltirish orqali e`tiroz bildirgan.
Ma`lumot o`rnida, B.Xadiev tomonidan o`zboshimchalik bilan qurilgan noqonuniy bino ixtiyoriy bartaraf etilmaganligi sababli, Kadastr agentligi Qarshi shahar bo`limi tomonidan sudga kiritilgan da`vo arizasi fuqarolik ishlari bo`yicha Qarshi tumanlararo sudining 05.05.2023 yildagi hal qiluv qarori bilan qanoatlantirilib, javobgarga noqonuniy qurilmani majburiy tartibda buzdirish va er maydonini foydalanishga yaroqli holatga keltirish majburiyati yuklatilgan.






