AsosiyJamiyat

Namangan, Samarqand va Sirdaryoda pul evaziga o`qishga kiritishni va`da qilgan firibgarlar qo`lga tushdi (video)

'Namangan, Samarqand va Sirdaryoda pul evaziga o`qishga kiritishni va`da qilgan firibgarlar qo`lga tushdi (video)'ning rasmi

Oliy ta`lim muassasalariga o`qishga kiritish bilan bog`liq noqonuniy holatlarga chek qo`yildi. Bu haqda DXX axborot xizmati Darakchi.uz'ga ma`lum qildi. 

Ma`lum qilinishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo`yicha boshqarmasi va viloyat IIB xodimlari hamkorligida o`tkazilgan tezkor tadbirda Namangan davlat universiteti o`qituvchisi o`zganing ishonchiga kirib, tanishlari orqali uning qarindoshini Qirg`iz Respublikasidagi oliy o`quv yurtiga o`qishga kiritib, so`ngra O`zbekistondagi oliy ta`lim muassasasiga ko`chirib berish evaziga 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Samarqand viloyati Pastdarg`om tumanidagi umumta`lim maktabining ingliz tili o`qituvchisi tanishlari yordamida Tayloq tumanida yashovchi fuqaroni xorijiy oliy ta`lim muassasasi talabasi ekanligi to`g`risida soxta hujjat tayyorlab, Samarqand davlat tibbiyot universitetining 2-bosqichiga o`qishga kiritib qo`yish evaziga 6000 AQSh dollari hamda uning qarindoshiga ingliz tili bo`yicha milliy sertifikat olib berish uchun 1200 AQSh dollari, jami 7200 AQSh dollari olgan vaqtida DXX Samarqand viloyati bo`yicha boshqarmasi va IJQK Departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi.

Guliston shahrida yashovchi, 1997 y.t. shaxs Yangier shahrida istiqomat qiluvchi fuqaroni Guliston davlat universitetining sirtqi bo`limiga o`qishga kiritib qo`yish evaziga 6 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 5100 AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ushlandi.

Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, u mazkur pul mablag`ining 4600 AQSh dollarini viloyat Pedagoglarni yangi metodikalarga o`rgatish milliy markazi o`qituvchisiga berishi kerakligi ma`lum bo`lib, ushbu shaxs ham 200 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur fuqarolarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 28,211-moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda. 

    Boshqa yangiliklar