O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 17 may kuni Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqaev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari Qozog`iston Prezidentini 70 yoshlik yubileyi bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog`lik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, qardosh Qozog`iston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Qasim-Jomart Toqaevning O`zbekiston bilan Qozog`iston o`rtasidagi do`stlik va yaxshi qo`shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashga qo`shayotgan hissasi alohida qayd etildi.
Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
O`zbekiston Respublikasi va Qozog`iston Respublikasi o`rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo`yicha Hukumatlararo komissiyaning may oyi boshida Toshkent shahrida o`tgan yig`ilishining sermahsul natijalari yuqori baholandi.
Qo`shma tashqi savdo kompaniyasini ishga tushirish va Sanoat kooperasiyasi xalqaro markazini tashkil etish yuzasidan ko`rilgan amaliy choralar qayd etildi.
Ikki mamlakat etakchilari mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.






