AsosiyJamiyat

Toshkentdagi maktabda 6-sinf o`quvchisini ilon chaqib oldi

'Toshkentdagi maktabda 6-sinf o`quvchisini ilon chaqib oldi'ning rasmi

Toshkent shahri Bektemir tumanidagi 348-maktabda 6-sinf o`quvchisini ilon tishlab oldi. 

Bu haqda shahar Maktabgacha va maktab ta`limi boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi

Ma`lum qilinishicha, voqea shu yilning 10 may kuni tushdan so`ng sodir bo`lgan. 

Boshqarma xabariga ko`ra, shu kuni soat 12:30 larda 6-sinfda tahsil oluvchi o`quvchini maktab binosining ikkinchi qavati deraza rom qismining tirqishidan kirgan suv iloni tishlab olgan. Jabrlanuvchiga o`z vaqtida birinchi tez tibbiy yordam ko`rsatilib, ota-onasi va sinf rahbari hamrohligida Toshkent shahridagi 16-sonli shifoxonaga olib borilgan. O`tkazilgan tekshiruv natijasida o`quvchi jiddiy jarohat olmagani ma`lum bo`lgan va u shu kunning o`zida maktabdagi darslarini davom ettirgan. 

Ma`lumot uchun, ushbu maktab dastlab O`rtachirchiq tumani Xalq ta`limi boshqarmasiga qaragan va 52-sonli bo`lgan. Bektemir tuman hokimining 2022 yil 14 yanvardagi qaroriga asosan u Bektemir tumani XTB tasarrufiga o`tkazilib, 348-son raqami berilgan. Uning binosi 1978 yilda qurilgan bo`lib, Toshkent viloyati O`rtachirchiq tumanining, hozirda Bektemir tumani Zabardast mahallasida, dala hududi bilan chegaradosh qismida joylashgan hamda uning yonidan kanal oqib o`tadi. Binoda 2008 yildan buyon ta`mirlash ishlari olib borilmagan. 2023 yilning mart-aprel oylarida esa “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida uning tom qismida kapital ta`mirlash ishlari olib borilgan. Davlat dasturiga ko`ra, maktab 2024 yilda to`liq ta`mirlanishi ko`zda tutilgan.

    Boshqa yangiliklar