Erkak ayolini doimiy ravishda kaltaklab kelgan. Ayol IIB xodimlarini chaqirganda, erkak ayoli va qizini so`yish bilan tahdid qilgan.
Holat Toshkentning Mirobod tumanida sodir bo`lgan. Aniqlanishicha, 1979 yilda tug`ilgan sudlanuvchi erkak shar`iy nikohdagi ayoli bilan doimiy ravishda janjallashib kelgan.
Jabrlanuvchi ayolning aytishicha, erkak uyga kelib, doim pul talab qilgan. Agar topib bermasa, janjal qilib, xotinining bo`ynidan bo`g`ib, qiynoqqa solgan.
Hodisa sodir bo`lgan kuni, ayol IIBga telefon qilgan. IIB xodimlari kelganda erkak ayolning bo`yniga pichoq tirab, xodimlar ketishini talab qilgan. Agar, ketmasa, ayolni ham uning qizini ham o`ldirish bilan tahdid qilgan.
“Ichib kelib, eshiklarni tepadi, kallamni devorga uradi. O`zimni himoya qilayotganimda, qo`limni kesib yuborgan. Jazosini olsin u”, - deydi jabrlanuvchi ayol.
O`sha kuni IIB xodimlarining tezkor harakatlari natijasida, ayol va uning qizining hayoti saqlab qolinadi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Mirobod tuman sudida erkakka nisbatan sud hukmi o`qildi. Sudda ayblanuvchi aybiga to`liq iqror bo`lib, qilmishidan afsusdaligini bildirdi.
“Aybimni tan olaman. Bu ishni qo`rqitish uchun qilgandim. Biror joyini kesganim yo`q. Bolalarimiz ikki xil toifaga ajralib qolgan. Birinchi farzandim boshqa otadan, ikkinchisi mendan bo`lgan. Mening uyim yo`q, ichki-kuyovman. Ayolimdan uzr so`rayman. Boshqa gapim yo`q”, - deydi u.
O`qilgan sud hukmiga ko`ra, erkak Jinoyat kodeksining 245-moddasi (shaxsni garov sifatida tutqunlikka olish) “a” va “b” bandlari bilan aybdor deb topilib, 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.






