Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo`yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida o`tkazilgan tezkor tadbirda "Hududgaz Toshkent" xodimi "Metan zapravka" xo`jaynidan 8 ming dollar pora olayotganda ushlandi. Bu haqda DXX Matbuot xizmati Darakchi.uz`ga xabar berdi.
"Hududgaz Toshkent" gaz ta`minoti filialining "O`rtachirchiqtumangaz" gaz ta`minoti bo`limi etakchi muhandisi M.O. mahalliy MChJga qarashli avtomobillarga gaz quyish shoxobchasida belgilangan me`yordan ortiq kompressor jihozlari o`rnatilganligi uchun jarima rasmiylashtirmaslik evaziga 8 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo`lga tushgan.
Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, u mazkur pul mablag`ini "Hududgaz Toshkent" gaz taminoti filialining etakchi muhandisi B.M. ko`rsatmasiga asosan olganligi aniqlanib, ushbu shaxs ham ushlandi.
Hozirda holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.