Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Falon firma bilan haj qiling!”, “Haj safari uchun sanoqli joy qoldi!”, “Haj uchun yarim narxni to`lang!” kabi jimjimador sarlavha ostidagi reklamalar ko`paymoqda. Ayrimlar umra vizasi, turistik (ziyorat) viza, biznes viza bilan haj qilishni va`da qilmoqda. Xo`sh, bu kabi xabarlar qanchalik ishonchli. Din ishlari bo`yicha qo`mita aholini ogohlantirdi.
Diniy qo`mitaning ma`lum qilishicha, Saudiya Arabistonida Haj amallarini bajarish uchun sizda "Haj-2023" vizasi bo`lishi shart.
Saudiya Arabistoni Podshohligi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq chet el fuqarolari uchun haj ibodatini ado etishning asosiy sharti haj vizasiga ega bo`lish hisoblanadi. Qolgan barcha turdagi vizalar (umra, turizm, biznes, ziyorat va b.lar) bilan haj tadbirini amalga oshirish Saudiya qonunchiligiga ko`ra qat`iyan taqiqlangan va tegishli tartibda jazolanadi.
”O`zbekiston uchun ajratilgan haj kvotasi faqatgina Din ishlari bo`yicha qo`mita va O`zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etiladigan Haj safariga otlangan ziyoratchilarga ajratilgan, shunday ekan, ayrimlarning O`zbekiston orqali Haj safariga jo`natamiz, degan aldovlariga uchmang! Ular fuqarolarimizni boshqa davlatlar orqali noqonuniy tarzda olib ketishga urinishmoqda. Bu esa, qonuniy asosga ega bo`lmagan va haj tashkil etishga vakolati yo`q kimsalarning urinishidir. Kezi kelganda aytib o`tish kerak-ki, bu kabi xatti-harakatlar Saudiya Arabistoni Podshohligi va O`zbekiston Respublikasi qonunchiligida qat`iy chora ko`rilishiga sabab bo`ladi”, deyiladi xabarda.
Ma`lumot uchun, muborak safarlarga noqonuniy yo`llar bilan borishga intilish Saudiya Arabistonidan deport qilish va Saudiya Arabistoniga har qanday viza bilan 10 yil muddatga kirishni taqiqlash hamda 100.000 saudiya riyoli (26.000 AQSh dollari) miqdorida jarima solishga olib keladi.
Birgina 2022 yil Haj masumida 500 nafardan ortiq O`zbekiston fuqarosi turistik va biznes viza orqali Saudiya Arabistoniga tashrif buyurib, Haj ibodati maydoni “Mashoir”ga kira olmaganlar. Haj mavsumi arafasida ziyorat viza (turistik) olgan holda Birlashgan Arab Amirliklari va Iordaniya davlatlari orqali kelgan 1500 nafarga yaqin fuqarolarimiz esa Saudiya Arabistoni hududiga kiritilmagan. Jumladan, 155 nafar fuqarolarimiz Podshohlik haj qonunchiligini buzganlik uchun Saudiya Arabistonidan 10 yil muddatga deportasiya qilingan.