Jizzax viloyati Yangiobod tumani «Sarmich» mahallasi hududida yovvoyi hayvonlarga shafqatsizlarcha munosabatda bo`linayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Holat yuzasidan Tabiat resurslari vazirligi Jizzax viloyati boshqarmasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Yangibod tumani «Sarmich» mahallasida istiqomat qiluvchi S. B. ismli fuqaro tomonidan «Yuqori Sarmich» qishlog`i hududida adashib qolgan bir dona tulkini tutib, tutqinlikda saqlagani aniqlandi. Bu holatda fuqaro tomonidan O`zbekiston Respublikasi «Tabiatni muhofaza qilish to`g`risida»gi Qonunning 4,24, 26-moddalari talablari buzilgan.
Huquqbuzar fuqaroga MJtKning 90-moddasi, 1-qismiga asosan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, BHMning o`n baravari, ya`ni 3 mln 300 ming so`m miqdorida jarima belgilandi. Bundan tashqari, huquqbuzar fuqaro va tulkiga shafqatsizlarcha munosabatda bo`lgan bolalar o`rtasida tushuntirish ishlari olib borildi. Tulki tutqinlikdan ozod etilib, tabiat qo`yniga qo`yib yuborilgan.






