Toshkent viloyati Nurafshon shahrida do`koni buzilayotgan tadbirkor Majburiy ijro byurosi xodimlari bilan janjallashib, ularga tahdid qildi. Bu haqda MIB Matbuot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, byuroning Nurafshon shahar bo`limi ish yurituvida fuqarolik ishlari bo`yicha O`rta Chirchiq tumanlararo sudining ijro varaqalariga asosan qarzdorlar X.A., O.O., Sh.R., G.Sh. hamda Ya.S.ning zimmasiga “To`ytepa” mahallasi Y.Ohunboboev ko`chasidagi er maydonlaridagi noqonuniy qurilgan do`konlarini o`z hisobidan buzdirish va er maydonini o`z holiga qaytarish majburiyatini yuklash to`g`risidagi ijro hujjatlari mavjud bo`lgan.
Ijro hujjatlari yuzasidan qarzdorlar va do`konlardan foydalanayotgan fuqarolar bu haqda rasmiy ravishda bir necha bor ogohlantirilganiga qaramasdan noqonuniy qurilmalarni bartaraf qilmagan. Shu sababli hujjatning ijrosini ta`minlash maqsadida majburiy ijro harakatlari joriy yilning 17 may kuni soat 19:00 ga tayinlangan hamda tegishli organlar, tashkilotlar va taraflarga rasmiy ravishda talabnomalar berilgan.
Mazkur hujjat ijrosini ta`minlash maqsadida ko`rsatilgan manzilga borilganda taraf bo`lmagan shaxslar, ya`ni F.Qambarova, T.Rahmonov va Z.Abdurahmonovalar ijro harakatlarini amalga oshirishga to`sqinlik qilib, qurilmani buzish uchun keltirilgan maxsus texnikani yoqib yuborish va buziladigan bino ostiga o`zini tashlash bilan tahdid qilgan.
So`ngra qarzdorlar va ijro hujjati bo`yicha taraf bo`lmagan shaxslarning 10 kunlik muddat ichida ushbu noqonuniy savdo do`konlarini o`zlari ixtiyoriy ravishda buzishiga imkoniyat berishni so`ragan.
Shu sababli ijro ishi bo`yicha ushbu shaxslarga 10 kunlik muddat berilgan, agarda ushbu muddatda noqonuniy qurilma buzilmagan taqdirda, majburiy buzish ijro harakatlari olib boriladi.






