AsosiyJamiyat

Endi talabalar uchun har oylik stipendiya to`lanadigan o`quv kurslari tashkil etiladi

'Endi talabalar uchun har oylik stipendiya to`lanadigan o`quv kurslari tashkil etiladi'ning rasmi

Vazirlar Mahkamasining “Mirzo Ulug`bek vorislari” tayyorlov o`quv kurslarini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori (19.05.2023-y., 206-son) qabul qilindi. Bu haqda Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda. 

O`quv kurslari quyidagi yo`nalishlarda tashkil etiladi:

- axborot texnologiyalaridan va kommunikasiyalaridan foydalanish (boshlang`ich);

- matematik statistika;

- algoritmlash asoslari;

- ma`lumotlarni qayta ishlash;

- dasturlash tillari (Phthon);

- ingliz tili;

- qaror qabul qilish asoslari.

- O`quv kurslari jamoa bo`lib ishlash va boshqa yo`nalishlar bo`yicha ham tashkil etilishi mumkin.

Birinchi o`quv yilida kamida 60 nafar tinglovchi qabul qilinadi, keyingi yillarda tinglovchilar soni ehtiyojdan kelib chiqib, oshirib boriladi.

Ta`lim olish 34 hafta muddat davomida “Blending learning — aralash ta`lim texnologiyasi” asosidagi o`quv dasturiga muvofiq tashkil etiladi.

Ushbu kurslarda o`qish uchun tanlovning birinchi yilida respublika davlat OTMlarining bakalavriat bosqichida (barcha ta`lim shakli bo`yicha) 2-kursni muvaffaqiyatli tamomlagan (akademik qarzdorligi bo`lmagan) talabalari ishtirok etishlari mumkin.

Ushbu o`quv kurslariga qabul qilingan respublika hududlaridagi talabalarining o`qishini mos va turdosh yo`nalishlarda Toshkent shahrida joylashgan davlat OTMlariga akademik mobillik asosida bir yil muddatga ko`chiriladi.

O`quv kurslariga qabul qilingan talabalar (tinglovchilar):

- ushbu o`quv kurslarida o`qishi davomida BHMning to`rt baravari (1 mln 320 ming so`m) miqdorida har oyda bir marotaba rag`batlantirib boriladi;

- turar joy bilan ta`minlanadi yoki asosiy o`qish joyi bo`lgan hududlardagi davlat OTMlari tomonidan belgilangan tartibda ijara to`lovlarining bir qismi qoplab beriladi;

- o`qishi davomida bir mahal issiq ovqat bilan ta`minlanadi;

- ta`lim olish muddatiga zarur kompyuter jihozlari (noutbuk va boshqalar) taqdim etiladi;

IT-park rezidentlari bo`lgan tashkilotlarda amaliyotlarda qatnashishi ta`minlanadi;

O`quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga Iste`dodli yoshlarni qo`llab-quvvatlash "Ulug`bek" jamg`armasi va Toshkent shahridagi Inxa universiteti tomonidan tasdiqlanadigan tegishli yo`nalishi bo`yicha davlat namunasidagi sertifikat beriladi.

    Boshqa yangiliklar