FOHIShALIKK SOTILGAN AYoLLAR...
“Xorijda ish bor, yaxshigina daromad topasiz”, deydigan “hojatbaror”larning va`dalariga ishonib qolmang. Yo`qsa, o`zingiz bilmagan holda odam savdosi qurboniga aylanib qolishingiz mumkin...
Oilasidan ajrashgan ayol ham opasi va boshqa shaxslar bilan oldindan til biriktirib, bir nechta ayollarni chuv tushirdi. Ular bir guruh bo`lib, belgilangan tartibni buzib O`zbekiston davlat chegarasidan olib o`tish, Turkiya davlatiga aldov yo`llari bilan olib borish, so`ng ularni shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini tortib olish, fohishalik bilan shug`ullantirish va buning natijasida moddiy daromad topishni maqsad qiladi.
Jabrlanuvchini Qozog`iston Respublikasi orqali Turkiyaga borishi va u erda fohishalik faoliyati bilan shug`ullanishini to`g`risidagi jinoiy rejasini unga ma`lum qilmasdan Qozog`istonda tanishlari borligini, u erga borib, issiqxonada ishlashini va yaxshigina moddiy daromad topishi mumkinligi to`g`risida uni qiziqtiradi. Shu yo`l bilan aldab, uning ishonchiga kiradi. Toshkent viloyatida joylashganchegaraga qadar kuzatib kelib, chegaradan o`tishi bilan uninoma`lum shaxs kutib olishini ma`lum qilib, unga o`sha shaxsning telefon raqamini beradi. Jabrlanuvchi chegaradan o`tib, Qozog`iston hududiga o`tganidan so`ng, sudlanuvchining jinoiy sherigi – noma`lum shaxs uni kutib olib, jabrlanuvchini “Chimkent-Istanbul” yo`nalishi bo`yicha harakatlangan samolyotda Turkiyaga yuborgan. Jabrlanuvchi Istanbulga boradi, uni noma`lum shaxs kutib olib, Istanbuldagi uylardan biriga olib boradi. Unga tegishli bo`lgan fuqarolik pasportini tortib olishadi. Turli shaxslar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlab, to`rt oy davomida fohishalik bilan shug`ullantirgan.
Sudlanuvchi jinoiy harakatlarini davom ettirib, yana ikki nafar jabrlanuvchilarni Turkiyaga yuborib, u erda fohishalik bilan shug`ullantirib, moddiy daromad topishni ko`zlaydi. Bu jinoiy reja haqida jabrlanuvchilarga ma`lum qilmasdan, Turkiyada bola parvarishi, keksa yoshdagi qariyalarga qarash va boshqa shu turdagi ishlar uchun yuqori miqdorda oylik ish haqi to`lanishini aytishadi. Ularni ham aldab, ishonchiga kirib, “Chimkent-Istanbul” yo`nalishi bo`yicha harakatlangan samolyotda Turkiyaga yuborgan. Ularning ham fuqarolik pasportlarini olib qo`yib, fohishalik qilishlari uchun sotib olganligini ma`lum qilib, bir oy davomida turli shaxslar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlashgan. “Ish beruvchi” ham tanishiga 8 000 AQSh dollari evaziga qizlardan birini sotib yuborgan, yangi “ish beruvchi” ham jabrlanuvchini fohishalik bilan shug`ullantirgan.
— Menga ayol tanishim qo`ng`iroq qildi, suhbat davomida Istanbulda ekanini, u erga kelganiga 2 yil bo`lganini, fohishalik ishlari bilan shug`ullanib kelayotganini ma`lum qildi. Turkiyada ayol tanishi borligini, u ayol tanishimdan fohishalik ishlari bilan shug`ullanishga biror bir qiz topib berishda tanishlar topib berishda yordam berishimni so`radi. Turkiyadagi ayol tanishiga raqamimni berib qo`yishini, agar qiz chiqib qolsa gaplashib berishimni aytdi. Oradan vaqt o`tib, bir ayol qo`ng`iroq qildi, suhbat davomida fohishalik qilishga qizlar chiqib qolsa unga qo`ng`iroq qilishimni aytdi. Unga qiziqib ko`rishimni aytdim. Jabrlanuvchi tanishim edi. U oldimga kelib, qiynalganini aytib, yordam berishimni so`radi. Unga Turkiyadagi ayolni telefon raqamini berishimmumkinligini va u ayol yordam berishi mumkinligi aytdim, - deydi aybiga qisman iqrorlik bildirgan sudlanuvchi.
“HECh QANDAY DA`VOIM YO`Q”
Issiqxonada ishlashiga ishongan jabrlanuvchi sudda quyidagilarni bayon qildi...
— Sudlanuvchi va uning opasi bilan 2016 yilda tanishib qolganman. Ular bilan suhbatlashib turgan vaqtimda, opasi menga Qozog`iston Respublikasi Sarag`ach tumanida ish borligini, u erda ishlab yaxshi oylik maoshi topishimmumkinligini aytdi. Dastlab uning taklifiga rozi bo`lmadim. Sababi 3 yoshlik qizim bor edi. O`sha vaqtda hech qaerda ishlamasdim. Sudlanuvchi va opasi bilan telefon orqali hol-ahvol so`rab gaplashib turardik. Oradan bir necha kun o`tib, xolamning uyiga ikkalasi kelishdi, biroq ularni chaqirmagandim. Ular Qozog`iston Respublikasi Sarag`ach tumanida joylashgan issiqxonada ishlash taklifini o`ylab ko`rganimni so`rashdi. U erda ishlab, bir xonali xonadon sotib olishim mumkinligini aytishdi. O`sha vaqtda uyim bo`lmagani sababli, xususan qishloqda yashagan vaqtimda, issiqxona ishlari bilan shug`ullanib yurganligim uchun ularning taklifiga rozi bo`ldim. So`ng sudlanuvchining opasiga qo`ng`iroq qilib, roziligimni bildirdim. Sudlanuvchi bilan ko`rishdidm, opasining uyiga olib bordi. U erda bir kun qoldim. Ertasi kuni opasida qizimni qoldirdim. Sudlanuvchi esa meni Toshkent viloyatidagi chegara postiga olib ketdi. U erda notanish erkak kutib olishini aytib, raqamini berdi. Sudlanuvchidan uning telefon raqamini nima qilishim kerakligini so`raganimda, “chegaradan o`tishing bilan unga qo`ng`iroq qil, kutib oladi”, dedi. Fuqarolik pasportim bilan Qozog`iston chegarasidan o`tdim. Biroq meni chegaradan o`tish bilan bog`liq bo`lgan hujjatlarim yo`q edi. Bu haqda sudlanuvchidan so`raganimda, “muammo bo`lmaydi”, deyishdi. Chegaradan o`tishim bilan notanish erkak kutib oldi. O`zining boshqaruvida bo`lgan avtomashinaga o`tkazib, qaergadir olib borib, o`zining ishlarini bajardi. So`ng ikki qavatli temir yo`l izi yonidagi ko`p qavatli uyning ikkinchi qavatiga olib kirdi. Uyga kirganimdan so`ng undan “qachondan issiqxonada ishlayman?” deb so`raganimda “hozir vaqtim yo`q, ertaga olib ketaman”, dedi. Shu bilan u xonadonda o`zim qolib ketdim. Ertasi kuni o`sha shaxs tushlik uchun ovqat olib keldi. Kech tushishi bilan u o`zining ishlarini yakunlab bo`lgach, ko`p qavatli uyga olib bordi. Birinchi qavatiga joylashtirdi, kechki ovqatdan so`ng, “uxlab dam oling, Almataga aviachipta sotib olishim kerak”, dedi. Issiqxona joylashgan joy Almatada bo`lsa kerak, deb o`yladim. Ertasi kuni soat taxminan 04:00 larda meniuyg`otib ketishim kerakligini aytdi. U bilan birga aeroportga bordim, notanish ayolning suratini ko`rsatib, shu ayol meni Almatada kutib olishini aytdi. Samolyotga o`tirib, uchib ketdim. Yonimdagi yo`lovchi bir ayol qaerga va nima uchun ketayotganimni so`radi. Issiqxonada ishlash uchun Almataga ketayotganimni ma`lum qildim. Shunda ayol Almataga emas, aksincha Istanbulga ketayotganimni aytib qoldi. Haqiqatdan ham shu vaqtda aeroport bortida samolyot xizmatchilari turk tilida gapirishayotgandi. Hayron bo`lgancha, Istanbulga etib bordim. Suratda ko`rsatilgan to`lachadan kelgan, ko`rinishidan tojik millatiga mansub ayol kutib oldi. Taqdirga tan berib, u bilan birga ketdim. Meni ko`p qavatli uyga olib borib, pasportimni berishimni so`radi, dastlab bermadim. “Bir marotaba ko`rib qaytarib beraman”, dedi. Qo`l yukimni ochib turgan vaqtimda, ayolning yonida bo`lgan bilishicha uning akasi sumka ushlab turgan qo`limga oyog`i bilan bir marotaba turtib tepib yubordi. Qo`limdagi sumka erga tushdi va ichidagi pasportimni ayol olib ko`zdan kechirdi. “Pasportimni bering”, deganimda qaytarib bermasdan, sudlanuvchidan meni 10.000 AQSh dollariga sotib olganini aytdi. Bu pullarni qaytarishim uchun fohishalik qilishim kerakligini bildirdi. Majburlikdan va pasportimni tezroq qaytarib olib, O`zbekistonga qaytishim uchun uning taklifiga rozi bo`ldim. Istanbulda fohishalik qilib yurgan vaqtlarimda mijoz sifatida kelgan shaxs bilan yaqindan tashib qoldim. Unga bo`lgan holat to`g`risida batafsil aytib berdim, dardimni tushunib, O`zbekistonga qaytishimga yordam berishini aytdi. Kunlarning birida kechki vaqt men turgan joyga kelib, eshik yonida turgan qorovulning qo`liga pul berib, spirtli ichimlik olib kelishini, u erdagi qizlar bilan qolishini ma`lum qildi. Qorovul binodan uzoqlashishi bilan menga orqa tomondan pastga tushishimni va meni olib ketishini aytdi. Shu tariqa u bilan birga qochdim. Biroq fuqarolik pasportim u ayolda qolib ketdi. Meni olib ketgan erkakning yashash xonadoniga bordik. U erda taxminan 2-3 oy muddat birga nikohdan o`tib yashadik. Bu orada Turkiyadagi tanishlardan sudlanuvchi O`zbekistondan qochib kelganini eshitdim. U bilan telefon orqali suhbatlashdim, o`zaro olib borilgan suhbatda sudlanuvchi pasportimni olib berishini, O`zbekistonda qolib ketgan qizimni yoniga qaytishimni va qanday yordam bo`lsa qilib berishini aytib telefonni qo`ydi. Vaziyat taqozosi bilan sim kartamni yangiladim. Bu orada men bilan nikohdan o`tib yashagan erkak O`zbekistonga yuborishini aytib, tegishli hujjatlarimni elchixona orqali tayyorlab berdi. Istanbul-Toshkent yo`nalishi bo`yicha chipta sotib olib berdi va o`sha kuni O`zbekistonga qaytdim. Hozirda sudlanuvchiga nisbatan hech qanday da`voim yo`q, suddan engilroq jazo tayinlashni so`rayman.
2 YIL SINOV MUDDATI BELGILANDI
Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 2-qismi “b,d,e,z,i” bandlari bilan aybli deb topildi va 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. JKning 72-moddasiga asosan ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli hisoblanib, 2 yil sinov muddati belgilandi. Sinov muddati davomida belgilanganmajburiyatlarni bajarmagan yoxud jamoat tartibi yoki mehnat intizomini buzganligi uchun ma`muriy yoki intizomiy ta`sir choralari qo`llanilgan taqdirda hukmning shartliligi uning xulqi ustidan nazorat olib boruvchi organ taqdimnomasiga binoan bekor qilinib, hukmni ijro etish to`g`risida ajrim chiqarilishi mumkinligi tushuntirildi.
Unga nisbatan qo`llanilgan qamoqda saqlash tarzidagi ehtiyot chorasi munosib hulq-atvorda bo`lish haqidagi tilxat ehtiyot chorasiga almashtirilib, sud majlisi zalining o`zida darhol ozod qilindi.
Shoxdiyor Shermatov,
jinoyat ishlari bo`yicha Mirobod tuman sudi sudyasi






