Andijon viloyati Xo`jaobod tumanida bir mas`ul fuqarolarning umra ziyorati uchun deb to`lagan pulini, aniqrog`i 1 milliard 650 million so`mni onlayn qimor o`yinlariga tikib yubordi.
Bu haqda MY5 telekanalining Markaziy studiya dasturida xabar berildi.
Aldanganlar soni 70 nafarga yaqin bo`lib, 2019 yildan boshlab Umra ziyorati xarajatlari uchun to`lov pullari Musulmonlar idorasi hisobraqamidan emas, tumanga biriktirilgan mansabdorning “cho`ntagi”dan joy olgan.
To`lov qilgan fuqarolarning bildirishicha, ular hokimiyat binosida aldanishlari xayoliga ham kelmagan. “Biz tur firmalariga ishonmay, hokimiyat odamiga ishonib chuv tushdik”, deydi jabrlanganlardan biri.
Nega uch yil davomida hokimiyat binosi ichida firibgarlik yo`li bilan yig`ilgan pullar va xodimning ustidan nazorat o`rnatilmagan kabi savollar jabrlanganlarni qiynamoqda.
Hokimlik mutaxassis Jasur Mo`minov holatni izohlab, fuqaro qonuniy tartibda ishlash uchun ro`yxatga olinganidan keyin to`lovni faqatgina bankka to`lashi kerakligini ta`kidladi.
Ma`lum bo`lishicha, holat yuzasidan uzoq davom etgan tergov yakunlanib, ish sudga oshirilgan. Biroq sud zalida ayblanuvchining pullarni qaytarib berish va`dasiga ishonib, arizalarini qaytarib olishgan. Shu sababli ularga etkazilgan moddiy zarar sud qarorida inobatga olinmagan. 27−30 nafar odam pullaridan voz kechib yuborgan.






