Avval xabar qilinganidek, Shavkat Mirziyoevning taklifiga binoan Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqub 23-25 may kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo`ladi.
Prezident matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, Singapur rahbarining tashrifi dasturida oliy darajadagi muzokaralar o`tkazilishi ko`zda tutilgan.
Sammit kun tartibidan konstruktiv siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasida o`zaro qo`llab-quvvatlash, ikki mamlakat etakchi kompaniya va bank institutlari ishtirokidagi investisiya loyihalariga ko`maklashish, madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish masalalari o`rin olgan.
Prezident Halima Yaqub O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, yurtimizdagi diniy konfessiyalar rahbarlari bilan ham uchrashadi, ishbilarmon doiralar biznes-forumining ochilishida va qo`shma ta`lim markazi faoliyatining taqdimotida ishtirok etadi.
Bundan tashqari, Singapur Prezidenti Samarqand shahriga tashrif buyurib, Buyuk Ipak yo`li chorrahasida joylashgan ushbu ko`hna markazning boy madaniy-tarixiy va sivilizasiyaviy merosi bilan tanishadi.
Ta`kidlash joizki, Prezident Halima Yaqub mamlakatimizga javob tashrifi bilan kelmoqda. Joriy yilning yanvar oyida O`zbekiston etakchisi Singapurga davlat tashrifi bilan borgan edi.
Joriy yil boshidan o`zaro tovar ayirboshlash 6 barobar ko`paydi. Singapur O`zbekistonning eng yirik investorlari qatoriga kirdi. Bugungi kunda transport, energetika, kimyo va to`qimachilik sanoati, shaharsozlik, ta`lim va boshqa yo`nalishlarda umumiy qiymati 3,8 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Parlamentlararo almashinuvlar va madaniy-gumanitar aloqalar faol rivojlanmoqda.