Avvalroq, ijtimoiy tarmoqda Samarqandda o`tgan yili noqonuniy qurilgan deb topilgan 11 qavatli binoning 1-qavatida noqonuniy qahvaxona tashkil qilingani haqida xabar tarqaldi. Holat yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vazirligi munosabat bildirdi.
O`rganishlar davomida chindan ham binoning 1-qavatida noqonuniy ravishda qahvaxona faoliyat yuritayotganligi aniqlandi. Mazkur bino 2022 yilda ham keng muhokamalarga sabab bo`lgandi. O`shanda o`tkazilgan tekshiruvda bino o`zboshimchalik bilan hech qanday hujjatlarsiz qurilgani, xavfsizlik talabalariga javob bermasligi aniqlangandi.
2022 yilning 6 iyul kuni fuqarolik ishlari bo`yicha Toyloq tumanlararo sudi tomonidan binoni qurdirgan fuqaroga nisbatan uni o`z hisobidan buzishi to`g`risida hal qiluv qarori berilgan.
Vazirlikning bergan bayonotiga ko`ra, bugungi kunda mazkur sud qarorining ijrosi MIBning Samarqand tumani bo`limi ish yurituvida. Shuningdek, Samarqand tuman Qurilish bo`limi tomonidan 2023 yilning 15 may kuni 414-sonli xat bilan MIB Samarqand tuman bo`limiga sud qarorining ijrosini ta`minlash bo`yicha xat yo`llangan.






