AsosiyJamiyat

“Ko`ksaroy” qarorgohida O`zbekiston va Singapur prezidentlarining muzokaralari bo`lib o`tdi

'“Ko`ksaroy” qarorgohida O`zbekiston va Singapur prezidentlarining muzokaralari bo`lib o`tdi'ning rasmi

Bugun, 24 may kuni, “Ko`ksaroy” qarorgohida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqubning muzokaralari bo`lib o`tdi.

Uchrashuv avvalida Singapur Prezidenti davlatimiz rahbariga O`zbekistonga davlat tashrifi bilan kelish taklifi va Singapur delegasiyasiga ko`rsatilayotgan iliq qabul uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Bo`lajak O`zbekiston Prezident saylovida katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Ushbu oliy darajadagi tashrif ikki mamlakat o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganidan buyon o`tgan 25 yil ichida birinchisi ekani ta`kidlandi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev joriy yilning yanvar oyida Singapurga amalga oshirgan tarixiy tashrifi yakunida hamkorlikning muhim yo`nalishlari bo`yicha erishilgan barcha kelishuvlar izchil amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Muzokaralarda siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar doirasida o`zaro qo`llab-quvvatlash, davlat boshqaruvi sohasida kadrlar tayyorlash dasturlarini amalga oshirish, jamoat xavfsizliki va madaniy-gumanitar almashinuv borasidagi muloqotlarni faollashtirish masalalariga katta e`tibor qaratildi.

Savdo-iqtisodiy va investisiyaviy sohalarda katta yutuqlarga erishilayotgani alohida ta`kidlandi.

Joriy yil boshidan o`zaro savdo ko`rsatkichlari bir necha barobar oshdi. Singapur O`zbekistonning eng yirik investorlari safiga kirdi.  

Bugungi kunda Singapurning “Indorama”, “Meinhardt Group”, “Franklin Templeton”, “Enercon”, “PSA”, “Changi Airport” va boshqa etakchi kompaniyalari bilan birgalikda kimyo va to`qimachilik sanoati, transport va logistika, shaharsozlik, ta`lim xizmatlari, xususiylashtirish sohalarida 3,8 milliard dollarlik loyihalarning amalga oshirilishi faol pallaga kirgan.

Iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari batafsil ko`rib chiqildi. Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasidagi O`zbekiston-Singapur biznes-forumi natijalari savdo, logistika, innovasiyalar, energetika, sog`liqni saqlash kabi sohalarda etukchi kompaniyalarning investisiyaviy sherikligini kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash va oziq-ovqat mahsulotlarining Singapur bozoriga etkazib berilishini yo`lga qo`yish masalalari ko`rib chiqildi. 

Tomonlar gumanitar loyihalarni amalga oshirish bo`yicha hamkorlikni kengaytirishga qat`iy intilishini bildirdi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi negizida tashkil etilgan qo`shma ta`lim markazi doirasida Singapurning davlat boshqaruvi va boshqaruv kadrlarini tayyorlash borasidagi tajribasini joriy etish muhimligi ta`kidlandi.

Singapurning O`zbekistondagi oliy ta`lim muassasalari faoliyati hamda ikki mamlakat o`rtasidagi muntazam madaniy, ta`lim va turizm almashinuvlarning faollashishi qo`llab-quvvatlandi.

Davlat rahbarlari Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyoda mintaqaviy integrasiyaning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashib, xalqaro maydonda, eng avvalo BMT doirasida hamda O`zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo`shilish jarayonida o`zaro anglashuv va qo`llab-quvvatlash darajasi yuqori ekanini qayd etdilar.

Muzokaralar ishonch, ochiqlik va do`stlik ruhida o`tdi.

    Boshqa yangiliklar