AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev bitiruvchilarga tabrik yo`lladi

'Shavkat Mirziyoev bitiruvchilarga tabrik yo`lladi'ning rasmi

O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev maktab bitiruvchilariga tabrik yo`lladi. Quyida tabrik matnini to`liq keltiramiz. 

“Qadrli farzandlarim!

Avvalo, mana shu quvonchli ayyomda etuklik shahodatnomasini qo`lga olib, mustaqil hayotga qadam qo`yayotganingiz bilan barchangizni chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Sizlar orziqib kutgan 25 may sanasida mamlakatimizdagi 10 mingdan ziyod maktablarda “so`nggi qo`ng`iroq”lar yangrab, qariyb 392 ming nafar yoshlarimiz qadrdon maktablari, mehribon ustozlari bilan xayrlashmoqda. Ayniqsa, 12 mingdan ortiq bitiruvchilarimiz o`qishni oltin, 2 mingdan ziyodi kumush medal bilan yakunlayotgani bayram shukuhini yanada oshirmoqda.

Albatta, bularning barchasi nafaqat siz, aziz farzandlarimiz, balki biz – ota-onalar, ustoz-murabbiylar uchun ham g`oyat quvonchli va hayajonli voqealardir.

Sizlarni zamonaviy ta`lim olib, kasb-hunar o`rganib, jamiyatimizda munosib o`rin egallashingiz uchun yangilangan Konstitusiyamizda belgilangan beqiyos imkoniyatlar kutmoqda.

Hech shubhasiz, o`z bilim va iste`dodini Vatanimizga munosib farzand bo`lishdek maqsadlarga sarflashga bel bog`lagan siz kabi yoshlar – yangi O`zbekistonning oltin fondi, bebaho xazinasidir.

Aziz o`g`il-qizlarim!

Bugungi kunda jonajon Vatanimiz taraqqiyotida milliy yuksalish davri boshlanmoqda. Ayniqsa, ta`lim tizimini rivojlantirishga alohida e`tibor berayotganimiz sizlarga yaxshi ma`lum. Xususan, Insonga e`tibor va sifatli ta`lim yili deb nom olgan 2023 yilda maxsus davlat dasturini qabul qilib, soha rivojini yangi bosqichga ko`tarish, o`qituvchi va murabbiylarning jamiyatdagi o`rni va obro`-e`tiborini oshirish bo`yicha ko`plab chora-tadbirlarni amalga oshirmoqdamiz.

Hozirgi vaqtda yurtimizda 10 mingdan ziyod davlat umumta`lim maktablari, Prezident, ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari bilan birga ko`plab nodavlat, davlat-xususiy sheriklik shaklidagi maktablar faoliyat yuritmoqda.

Birgina o`tgan yili 3,2 trillion so`m mablag` hisobidan 807 ta maktabda qurilish va ta`mirlash ishlari amalga oshirildi. Bu yil esa o`rta ta`lim maskanlariga 40 ming dona zamonaviy kompyuterlar, 442 ta komplekt robototexnika jihozlari va boshqa zarur ashyolar etkazib berildi.

“Barkamol avlod” bolalar maktablari, bolalar va o`smirlar sport maktablarida keng ko`lamli ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar amalga oshirilmoqda, yoshlarimiz o`rtasida kitobxonlikni kuchaytirish, ularni adabiyot, san`at va sport to`garaklariga faol jalb etish bo`yicha izchil ish olib borilmoqda.

Ana shunday ishlarimizning samarasi sifatida yurtimiz o`quvchilari joriy yilda mintaqaviy va xalqaro fan olimpiadalarda 2 ta oltin, 15 ta kumush, 27 ta bronza medallarini qo`lga kiritgani, 6 nafar iste`dodli qizimiz Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo`lgani barchamizni xursand qiladi.

Shuningdek, o`quvchilarni maktab davridayoq kasbga ega bo`lishlari uchun 11-sinfni hayotga yo`llanma beruvchi sinf deb belgilab, yoshlarga kamida ikkita chet tili hamda tadbirkorlarni jalb qilgan holda bitta zamonaviy kasb o`rgatish tizimi joriy qilinmoqda.

Hurmatli bitiruvchilar!

Keyingi paytda O`zbekiston unib-o`sib kelayotgan sizdek azmu shijoatli yoshlarimiz uchun ulkan imkoniyatlar mamlakatiga aylanib bormoqda. Yurtimizdagi 210 ta oliygoh, 330 ta kasb-hunar maktabi, qariyb 400 ga yaqin kollej va texnikumlar sizlarga o`zingiz tanlagan sohalar bo`yicha etuk kadr va malakali mutaxassis bo`lish uchun imkoniyat maydoni bo`lib xizmat qiladi.

Talabalarning ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o`qib, oliy ma`lumot olishini ta`minlash maqsadida 154 ta oliygohda sirtqi, 15 ta oliygohda esa masofaviy ta`lim shakli faoliyat ko`rsatmoqda.

Shu bilan birga, davr talabidan kelib chiqib, yoshlarni zamonaviy kasblarga o`rgatadigan monomarkazlar, Ay-Ti va texnoparklar bunyod etilishi ularning o`z bizneslari bilan shug`ullanishiga xizmat qilmoqda.

Sizlarning jamiyatda munosib o`rningizni egallashingiz uchun joylardagi hokimliklar, sektor rahbarlari, mahalla jamoatchiligi ham yaqin ko`makchi va maslahatchi bo`ladi. Bunday ezgu maqsad yo`lida ularning eshiklari doimo sizlar uchun ochiqdir.

Ishonchim komilki, sizlar yaratilgan ushbu imkoniyatlardan foydalangan holda, kelgusida yurtimizdagi zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari, katta-katta firma va kompaniyalar, davlat va nodavlat tashkilotlarida mehnat qilib, o`z bilim va malakangiz bilan mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qo`shasiz.

Bugun maktabni tugatib chiqayotgan yigit-qizlarimizning har biri el-yurtimizning mehri va e`tiborida bo`lishini yana bir bor ta`kidlab aytmoqchiman.

Siz, aziz farzandlarimizni kelajakda yanada ulkan va mas`uliyatli marralar kutmoqda. Har biringiz hayotda munosib o`rningizni topishingiz uchun biz bundan keyin ham bor kuch va imkoniyatlarni to`liq ishga solamiz.

Men siz, aziz farzandlarimdan bir narsani so`rayman: tinimsiz o`qib, izlanib, zamonaviy bilimlarni egallashdan aslo to`xtamang! Doimo vaqtning qadriga etib, muntazam bilim va tajribangizni oshirib borsangiz, qat`iy belgilab olgan reja va maqsadlaringiz sari dadil harakat qilsangiz, albatta kelgusida katta muvaffaqiyatlarga erishasiz.

Sizlarning doimo marrani baland olib, yagona kuch bo`lib harakat qilishingizga ishonaman. Sizlar bunga albatta qodirsiz.

Ana shunday sharafli va mas`uliyatli yo`lda barchangizga ulkan yutuq va muvaffaqiyatlar, shaxsiy hayotingizda baxt va omad tilayman.

Sizlarni maktab ta`limini muvaffaqiyatli tamomlaganingiz bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.

Mustaqil hayotdagi qadamlaringiz qutlug` va barakali bo`lsin, aziz o`g`il-qizlarim!

Shavkat Mirziyoev,
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti”

    Boshqa yangiliklar