Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida 21 yoshli yigitga nisbatan Jinoyat kodeksining ko`p xotinli bo`lish hamda 16 yoshga to`lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish moddalari bo`yicha ish ko`rib chiqilib, hukm o`qildi. Bu haqda "Darakchi.uz"ga Oliy sud matbuot xizmati xabar qildi.
Qarshi shahrida 21 yoshli yigit 2004 va 2006 yillarda tug`ilgan qizlar bilan bir xonadonda er-xotin bo`lib yashab kelgani uchun 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi.
2002 yilda tug`ilgan sudlanuvchi A.T. 2004 yilda Qarshi shahrida tug`ilgan voyaga etmagan G.G`.ga 16 yoshga to`lmaganini bilgan holda er-xotin bo`lib yashashni taklif qilgan. Qizning roziligi bilan ular 2019 yil dekabr oyidan shu kunga qadar er-xotin bo`lib yashab kelgan, 1 nafar farzandi bor.
U 2006 yilda Qarshi shahrida tug`ilgan voyaga etmagan E.E.ning roziligi bilan 2022 yilning avgustidan dekabriga qadar o`z xonadonida birga yashagan, ya`ni erkak bir uyda 2 nafar xotin bilan umumiy ro`zg`or asosida kun kechirgan.
Sudlanuvchining bu harakatlari Jinoyat kodeksining 126-moddasi 1-qismi (Ko`p xotinli bo`lish, ya`ni umumiy ro`zg`or asosida ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo`lib yashash) va 128-moddasi 3-qismi "a" bandi (Takroran 16 yoshga to`lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish)da ko`rsatilgan jinoyatlarni sodir qilgan, deb topilgan.
Sudlanuvchi A.T. sudda qilmishidan pushaymonligi, ikkala oilasi bilan ularning roziligi asosida yashagani, jabrlanuvchilardan kechirim so`rashini bildirib, qonuniy engillik berishni so`ragan.
Uning birinchi ayoli G.G`. ham sudlanuvchiga nisbatan da`vosi yo`qligini bildirib, qonuniy engillik berishni so`ragan.
Sud hukmiga ko`ra, sudlanuvchiga nisbatan 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Bunda uning kech soat 23:00 dan ertalab soat 06:00 ga qadar yashash uyidan chiqishi cheklangan.






