AsosiyJamiyat

Toshkentda jinoyatchilar YPX xodimi kiyimi va niqobida odam o`g`irlashdi

'Toshkentda jinoyatchilar YPX xodimi kiyimi va niqobida odam o`g`irlashdi'ning rasmi

Boshi bir marotaba devorga urilgan kishi qayta jinoyat “ko`cha”siga qadam bosmaydi. Biroq tanlovi yana shu “yo`l” bo`lganlar ham etarlicha. Gap shundaki, 1994 yilda tug`ilgan sudlanuvchi muqaddam “o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish”, “savdo yoki xizmat ko`rsatish qoidalarini buzish”, “mansab soxtakorligi” jinoyatlari bilan sudlanib, ozodlikdan mahrum qilingan. 1981 yil tug`ilgan sudlanuvchi esa muqaddam“firibgarlik” jinoyati uchun axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Bu ikkovlonga bosh bo`lgan – 1980 yilda tug`ilgan cudlanuvchi to`rtinchi jinoiy sherigi 1997 yilda tug`ilgan sudlanuvchi bilan oldindan jinoiy til biriktirishadi... 

Voqe tafsilotlari haqida Toshkent shahar sudi matbuot kotibi habar berdi.

— 1994 yilda tug`ilgan cudlanuvchi bilan uchrashib qoldik. U “ish bor, bir shaxsni qo`rqitib, qarz pulni undirish kerak”, dedi. 1980,  1997 yilda tug`ilgan cudlanuvchilar bilan keyinroq uchrashdik. 1994 yilda tug`ilgan cudlanuvchi eskiroq avtomashina sotib olishimni aytdi, tanishimdan «VAZ 2101» rusumli avtomashinani sotib oldim, uy va «Equinox» rusumli avtomashinani ham ijaraga oldik. Ikkalamiz do`kondan elektroshoker sotib oldik. Avtomashinalar, uy, elektroshoker uchun pulni 1994 yilda tug`ilgan cudlanuvchi berdi. To`rt kishi bo`lib, arxiv binosi yonida jabrlanuvchini kutib turdik, - deydi sudda aybiga to`liq iqrorligini bildirgan 1981 yil tug`ilgan cudlanuvchi. 

Soat 09:50 da 1980 yilda tug`ilgan cudlanuvchi boshqaruvidagi “VAZ 2101” rusumli avtomashinada o`zlariga qulay bo`lgan manzilga borib, avtomashinani panaroqqa joylashtirishadi. 1994 yilda tug`ilgan cudlanuvchi o`zida shubha uyg`otmaslik uchun avvaldan tayyorlab qo`yilgan YPX xodimi maxsus kiyimini kiygan holda, arxiv binosining oldida xizmat o`tayotgan xodim sifatida harakatlanib kelayotgan fuqaro boshqaruvidagi “Volkswagen ID.4 X” rusumli avtomashinasini qo`lida bo`lgan maxsus miltillovchi tayoqcha yordamida to`xtatadi. Jabrlanuvchiga avtomashinaning yukxonasini tekshirish bahonasida uni avtomashinadan tushirgan.

— MChJda savdo bo`lim boshlig`i lavozimida ishlayman. Avtomashinamda ishga ketayotganimda YPX xodimi to`xtatdi. Avtomashinamning yukxonasini ochishimni so`radi, avtomatik ravishda ochdim. Shunda YPX xodimi avtomashinadan tushishni so`radi. Rus tilida “plan perexvat bo`layapti”, dedi. Tushgan vaqtimda avtomashinam orqa tarafida turgan “VAZ” avtomashinasidan qora rangli kiyim kiygan, yuzlariga niqob taqib olgan ikki nafar shaxs kelib, pistolet o`qtalib, elektroshoker bilan qo`rqitdi. Do`q-po`pisa qilgan holda avtomashinam orqa o`rindig`iga o`tkazishdi, - deydi jabrlanuvchi. 

Gap shundaki, ularning oldiga panada, qulay vaziyatni poylab, 1980 yilda tug`ilgan cudlanuvchi boshqaruvidagi “VAZ 2101”da alohida vazifalarni bajaruvchi otryad xodimi sifatida avvaldan tayyorlangan maxsus kiyimni kiyib, pnevmatik pistolet, qo`l kishani va elektroshoker bilan qurollangan holda o`tirgan 1997 va 1981 yil tug`ilgan sudlanuvchilar etib kelishgan. Qo`llaridagi pnevmatik pistolet va elektroshoker bilan fuqaroni qo`rqitib, qo`liga kisha taqib, ko`zini bog`lab, boshiga esa xalta kiygazib, uning yonida bo`lgan 7 000 AQSh dollarini bosqinchilik yo`li bilan qo`lga kiritishgan.

1994 yilda tug`ilgan cudlanuvchi fuqaroga tegishli “Volkswagen ID.4 X”ni boshqarib, orqa o`rindiqqa ojiz ahvolda o`tkazib, boshi egik holatda ushlab kelingan jabrlanuvchidan kelgusida ko`proq pul mablag`i talab qilish maqsadini ko`zlashadi va o`zlari oldindan ijaraga olgan “Chevrolet Equinox” rusumli avtomashina turgan joyga olib kelishgan. Jabrlanuvchini “Chevrolet Equinox”ga o`tkazib, shu erga etib kelgan 1980 yilda tug`ilgan cudlanuvchi bilan birgalikda uni oldindan ijaraga olingan xonadonga o`g`irlab olib borib, zo`rlik ishlatib, qo`l va oyoqlarini bog`lab qo`yishadi. 1994 yilda tug`ilgan cudlanuvchi jabrlanuvchiga tegishli avtomashinani boshqa tumanda joylashgan ko`p qavatli uylar oldiga tashlab ketadi. 

To`rtovlon jinoiy harakatlarini davom ettirib, o`sha uyda jabrlanuvchidan mulkiy manfaatdor bo`lish maqsadida, unga va uning oila a`zolariga zo`rlik ishlatish bilan qo`rqitgan holda, ruhiy tushkunlikka tushishiga erishishadi. 

— Ularning kiyimlari va qo`lidagi quroliga ko`ra huquqni muxofaza qiluvchi organ xodimlari deb o`yladim. Shu sababli ularga qarshilik ko`rsatmadim. Qandaydir bir xonaga olib kirishdi. Ko`zimga o`ralgan skotch boshimni juda qattiq siqib, kuchli og`riq bergani sababli skotchni echishlarini iltimos qildim. 10-15 daqiqadan so`ng qora kiyim, niqobda va ko`zoynak taqqan bir shaxs kelib, rus tilida 500 000 AQSh dollari berishimni talab qildi. Bunaqa pulim yo`qligini aytsam, “bermasang barmoqlaringni bitta-bitta chopishni boshlayman, oila a`zolaringni o`ldiraman”, deya qo`rqitdi. Qo`rqib, 150 000 AQSh dollar berishimni aytdim. Pulni ishxonamdagi ayol olib kelib berishini aytdim, rozi bo`ldi. Ularni aldasam o`sha joyning o`zida meni o`ldirish bilan yana qo`rqitishdi. Tanishim pullarni olib keldi, u shubhalanmasligi uchun meni avtomashinaning old o`rindig`iga o`tkazib, qo`lim va ko`zimni echishdi. Qaltis harakat qilmasligimni talab qilib, orqadan pistolet tirab turishdi. Ayol avtomashina oynasidan paketdagi pullarni berdi. Avtomashinani haydab ketayotganlarida qo`yib yuborishlarini so`radim. Biroq avtomshina o`tirg`ichini oldinga tortib, suyanchig`ini orqaga tushurishni talab qilishdi. Orqada o`tirganlar bo`g`ib o`ldirishadi, degan o`yda avtomashina eshigini ochdim va yurib turgan avtomashinadan baqirib sakradim. Avtomashina ichida “ushla, ur, ot uni”, degan ovozlar eshitildi. Ular avtomashinadan tushmasdan harakatlanib ketishdi. O`sha erda bo`lgan fuqarolardan yordam so`rab, dastlab ukamga, keyin IIBga xabar berdim, - deydi jabrlanuvchi.

Shu kuni qurilishi tugallanmagan binoning oldida jabrlanuvchining tanishi olib kelgan 115 000 AQSh dollarini tovlamachilik yo`li bilan egallab, pulni o`zaro taqsimlab, voqea joyidan yashirinishgan.

— Chilonzor tumanidagi ko`chalarning birida to`xtadik. 1994 yilda tug`ilgan cudlanuvchi paketdan bir pachka 10 000 AQSh dollari olib, menga berdi. U va 1997 yilda tug`ilgan cudlanuvchi taksi to`xtatib ketishdi. 1994 yilda tug`ilgan cudlanuvchi bilan birga Qozog`istonga qochib ketmoqchi bo`lganimizda ushlashdi, - deydi 1981 yil tug`ilgan cudlanuvchi. 

 

SUD HUKM QILDI

Abror Saidov, jinoyat ishlari bo`yicha Olmazor tuman sudi raisi:

— 1980 yilda tug`ilgan cudlanuvchiJKning 137-moddasi (odam o`g`rilash) 2-qismining “b, v” bandlari, 28,164-moddasi (bosqinchilikda tashkilotchi) 2-qismining “a, b, v” bandlari, 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismining “a” bandi, 28,267-moddasi (transport vositasini olib qochishda tashkilotchi) 2-qismining “b, v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi va 15 yil ozodlikdan mahrum qilidi. 

Qolgan uch nafar sudlanuvchilar“odam o`g`rilash”, “bosqinchilik”, “tovlamachilik”, “transport vositasini olib qochish” jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi. 1997 yilda tug`ilgan cudlanuvchiga 13 yil 6 oy,va 1981 yilda tug`ilgan sudlanuvchiga 13 yil 9 oy, 1994 yilda tug`ilgan cudlanuvchiga esa 14 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Sudlanuvilardan solidar tartibda jabrlanuvchi foydasiga 437 139 548 so`m undirilishi belgilandi.

 

    Boshqa yangiliklar