AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev Toshkent shahri Chilonzor sanoat zonasidagi korxonalarni borib ko`rdi

'Shavkat Mirziyoev Toshkent shahri Chilonzor sanoat zonasidagi korxonalarni borib ko`rdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev 26 may kuni Toshkent shahri Chilonzor sanoat zonasidagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi.

Mazkur sanoat hududida bugungi kunda 510 ta korxona bo`lib, yana ko`plab yangilari tashkil etilmoqda.

Xususan, oziq-ovqat korxonasida yiliga 7 ming tonna mahsulot, shu jumladan 10 turdagi chips tayyorlanmoqda. Yaqinda loyihaning ikkinchi bosqichi ishga tushirilib, mahsulotlar turi kengaytiriladi.

Mebelsozlik tarmog`idagi korxonada yiliga 2 million metr kvadrat yog`och panellar ishlab chiqarilmoqda. Ularning katta qismi import o`rnini bosishi bilan ahamiyatli.

Funksional oziq-ovqatlar kombinatida yiliga 5 million quti yodlangan qandolat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Ularning 30 foizini eksportga yo`naltirish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari ushbu korxonalarning ishlab chiqarish jarayonini ko`zdan kechirdi. Ularning har biri o`ziga xos yo`nalish tanlaganiga e`tibor qaratib, barcha hududlarda shunday korxonalarni tashkil etish zarurligini ko`rsatib o`tdi. Yodning aholi salomatligi uchun muhimligini inobatga olib, mamlakatimizda yod bilan boyitilgan oziq-ovqatlarni ko`paytirish bo`yicha ko`rsatma berdi.

Shu erda Chilonzor tumanida sanoatni rivojlantirish rejalari bo`yicha taqdimot o`tkazildi.

- Chilonzor tumanida juda katta infratuzilma, bo`sh turgan binolar, kafolatlangan energiya resurlari bor. Faqat tadbirkorlarga mablag` berib, xorijiy texnologiyalar olib kelib, Chilonzorni industriya xabiga aylantirish kerak, - dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari iqtisodiy loyihalar ijtimoiy sohada ham natija keltirishi zarurligiga alohida to`xtaldi. Tadbirkorlarga ko`mak berib, faoliyatini kengaytirib, mahallalarda kambag`allikni qisqartirish va aholi bandligiga hissa qo`shish zarurligini ta`kidladi. Bu borada boshlangan yangi dasturdan foydalanib, tumandagi 3 ming kambag`al va 10 ming ishsiz fuqaroni ish bilan ta`minlash vazifasi qo`yildi.

Prezidentimiz Chilonzor tumanidagi korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko`rgazmasini ham ko`zdan kechirdi.

    Boshqa yangiliklar