Prezident Shavkat Mirziyoev 26 may kuni “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi 7-avtobus saroyini borib ko`rdi.
Aholining kundalik hayotiga daxldor har bir masala davlatimizning e`tiborida. Xususan, jamoat transporti tizimi o`sib borayotgan talabdan kelib chiqib rivojlantirilmoqda.
So`nggi yillarda Toshkent shahri ham eniga, ham bo`yiga o`sdi. Muqim aholi, vaqtincha yashovchilar, turistlar, talabalar soni oshdi. Ilgari shaharda kuniga 800-900 ming yo`lovchi jamoat transportidan foydalangan bo`lsa, hozirda bu ko`rsatkich 1 million 300 mingdan oshgan. Shu bois avtobuslar etishmasligi, kutish vaqti ko`pligi kabi muammolar yuzaga kelgan edi.
Davlatimiz rahbari o`tgan yil 13 dekabr kuni poytaxtmizdagi 18-avtobus saroyida bo`lib, bu ahvolni o`zi ko`rgan, yangi avtobuslar olib kelish va yo`lovchilarga qulayliklarni oshirish bo`yicha topshiriqlar bergan edi. Shundan kelib chiqib, joriy yil 16 fevralda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilindi. Bu galgi tashrif chog`ida Shavkat Mirziyoev sohadagi vazifalar ijrosi bilan tanishdi.
Aprel-may oylarida Toshkent shahriga 755 ta zamonaviy avtobus olib kelinib, yo`lovchilari eng ko`p yo`nalishlarga qo`yilgan. Natijada avtobuslarning kunlik soni 1 ming 400 taga etgan, 9 ta qo`shimcha yo`nalish ochilgan. Yaqin kunlarda yana 245 ta avtobus keltiriladi.
Jumladan, 7-avtobus saroyi shu paytgacha 18 ta yo`nalishda kuniga 90 ming yo`lovchiga xizmat ko`rsatar edi. Yaqinda uning parki 67 ta yangi transport bilan boyidi. Tabiiyki, yo`lovchi tashish quvvati oshib, avtobuslarning oraliq vaqti qisqardi.
Mutasaddilar Toshkent shahrining yangilangan Transport bosh rejasi bo`yicha ham axborot berdi. Qayd etilganidek, u shaharning kengayishi va yo`lovchilar oqimi tahlili asosida, 167 ta yo`nalishdan iborat tarzda ishlab chiqilgan. Shundan 17 tasida kunlik reja belgilash tartibi bekor qilinib, bosib o`tilgan masofaga qarab hisob-kitob tizimiga o`tilgan. Iyun-iyul oylarida qolgan 150 ta yo`nalish ham tender savdolari orqali shunday tizimga o`tkaziladi. Natijada qatnovlar muntazamligi ta`minlanadi, xizmat sifati oshadi.
Bunda haydovchilarning malakasi ham juda muhim. Shu bois Transport universiteti va boshqa o`quv markazlarida haydovchilikka o`qitish hamda qayta tayyorlash yo`lga qo`yilgan. Avtobus haydovchilarining oylik maoshlari ikki barobar oshirilib, yil boshidan beri mingdan ziyod haydovchi ishga qabul qilingan.
Davlatimiz rahbari avtobuslarga sifatli servisni yo`lga qo`yish muhimligini ta`kidladi. Yo`lkira to`lovi tizimini tartibga solish, harakat nazoratini raqamlashtirish, bekatlarda sharoitlarni yaxshilash bo`yicha ko`rsatmalar berdi.
- Yangi avtobuslar, albatta, xalqimizga qo`shimcha sharoit yaratdi, - dedi Shavkat Mirziyoev. - Endigi vazifa yo`llarda tirbandlikni kamaytirib, avtobuslarning erkin harakatini ta`minlash. Pirovard maqsad - Toshkentda jamoat transporti qamrovini 2 million yo`lovchiga etkazish.
Prezident avtobusga o`tirib, oddiy yo`lovchilar bilan birga yo`nalish bo`ylab yurib ko`rdi.






