Malayziyaning yirik kundalik nashrlaridan bo`lgan “The New Straits Times” gazetasida “Yil oxirigacha “Batik Air” Kuala-Lumpur va Toshkent shaharlari o`rtasida to`g`ridan-to`g`ri aviaqatnovlarni yo`lga qo`yadi” sarlavhali maqola e`lon qilindi.
Maqolada “Batik Air” (sobiq “Malindo Air”) loukoster aviakompaniyasining strategik rivojlanish bo`yicha direktori Chandran Rama Muti ushbu aviatashuvchi Malayziya va O`zbekiston o`rtasida haftasiga uch marta aviaqatnovlar amalga oshirish rejalashtiriliayotgani, birinchi reys shu yilning noyabr yoki dekabr oylarida boshlanishini ma`lum qilgan.
Chandran Rama Mutining “The New Straits Times” gazetasi muxbiri bilan suhbatda bildirishicha, “Batik Air” ayni paytda Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti rasmiylari bilan muzokaralar olib bormoqda va parvozlarni boshlash uchun ruxsat berilishini kutmoqda. “Toshkent Qozog`istonning Olmaota shahri bilan solishtirganda kattaroq bozor. Biz hali Toshkent xalqaro aeroporti bilan muzokaralar olib boryapmiz. Toshkent xalqaro aeroporti O`zbekistondagi eng yirik xalqaro aeroport bo`lib, 2019 yilda yo`lovchi tashish hajmi bo`yicha Markaziy Osiyo aeroportlari ichida uchinchi o`rinni egallagan.
“Payshanba kuni “Uzbekistan Airports” AJ Singapurning “Changi Airports International” kompaniyasi bilan Toshkent xalqaro aeroportini rivojlantirish bo`yicha hamkorlikni yo`lga qo`yganligini e`lon qildi, chunki O`zbekistonda turizm sanoati jadal sur`atlarda rivojlanmoqda”, deydi Chandran Rama Muti.
Maqolada ta`kidlanishicha, Toshkent xalqaro aeroporti bilan bir qatorda “O`zbekiston havo yo`llari” milliy aviakompaniyasi ham o`z parvozlarini butun dunyo bo`ylab, jumladan, Kuala-Lumpurgacha jadallik bilan kengaytirmoqda”.
Aviakompaniya 2022 yil noyabr oyidan boshlab haftasiga ikki marta Toshkent-Kuala-Lumpur yo`nalishi bo`yicha to`g`ridan-to`g`ri aviaqatnovlarni yo`lga qo`ydi. U Toshkentdan Parij, Milan, Pekin, Tokio va Jakartaga ham parvozlarni amalga oshirmoqda.
“O`zbekiston havo yo`llari” milliy aviakompaniyasi joriy yilning iyun oyidan Bangkok shahriga parvozlarni yo`lga qo`yadi.
“Batik Air” “Kuala-Lumpur-Toshkent” yo`nalishida “Boing” kompaniyasining tor fyuzelyajli “B737 MAX8” yoki “Airbus”ning keng fyuzelyajli “A330” samolyotlaridan foydalanishi mumkin, chunki ular 8,5 soatgacha parvoz qilishi mumkin.
Ma`lumot o`rnida ta`kidlash joiz, “The New Straits Times” gazetasi 1845 yilda Malayziyadagi yagona ingliz tilidagi ko`p sahifali nashr o`laroq tashkil etilgan bo`lib, u mamlakatning eng qo`hna gazetasi hisoblanadi. Kundalik tiraji 200 ming nusxadan oshadi. Elektron nashrining kundalik o`quvchilari soni 5 milliondan ortiq.






