O`zbekistonda haj mavsumi 2023 yil 4 iyundan boshlanadi. Mamlakatimizdan Saudiya Arabistoniga shu yil 2023 yil 4 iyundan 19 iyunga qadar har kuni 4 ta aviaqatnov amalga oshiriladi. Bu haqda Din ishlari bo`yicha qo`mita ma`lum qildi.
O`tgan yillarda ziyoratchilarimiz Respublikamizning 7 ta hududiy aeroportlaridan kuzatilgan bo`lsa, bu yil yanada qulaylik yaratish maqsadida, o`lkamizning 10 ta hududiy aeroportlaridan – Toshkent-Madina, Buxoro-Madina, Namangan-Madina, Farg`ona-Madina, Samarqand-Madina, Qarshi-Madina, Termiz-Madina Urganch-Madina, Nukus-Madina va Navoiy-Madina yo`nalishlari bo`yicha ziyoratchilar haj safariga kuzatiladi.
“Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o`tkazish bo`yicha Respublika Jamoatchilik kengashi “Haj – 2023” mavsumiga tayyorgarlik ishlarini turli yo`nalishlarda amalga oshirilmoqda. Jumladan,ziyoratchilarni guruhlarga ajratish, ellikboshilar biriktirish, ularning malakasini oshirish, shifokorlash ajratish, oshpazlarni jalb etish ishlari yakuniga etkazildi.
”Haj-2023” mavsumiga tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish maqsadida dastlabki ishchi guruh Saudiya Arabistoniga jo`nab ketgan va ayni paytda ular tomonidan barcha tashkiliy va amaliy sa`y-harakatlar olib bormoqda.
Tajribali ulamolar tomonidan ellikboshilar bilan ziyoratchilarga xizmat ko`rsatish yuzasidan safar oldi o`quv mashg`ulotlari o`tildi. Shu kunlarda guruh rahbarlari ziyoratchilar bilan safar oldi o`quv mashg`ulotlarini boshlab yubordi. Haj amalining fazilati, ruknlari, safarga tayyorgarlik ko`rishda nimalarga e`tibor berish kerakligi haqidagi masalalar bayon etilmoqda. Shuningdek, haj ibodatining odoblari va tartib-qoidalari ham tushuntirilmoqda. Qolaversa, ziyoratchilarga haj risolasi ham taqdim etildi.
Bundan tashqari, O`zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoq sahifalarida haj ibodati haqidagi turkum suhbatlar, tavsiyalar, maqolalar, shar`iy savol-javoblar berib borilmoqda.
”Haj-2023” safari bilan bog`liq jarayonlar haqida rasmiy sahifalarimizda ma`lumot berib boramiz.






