Kecha «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi Misr hukumati tomonidan mamlakatimiz uchun insonparvarlik yordami tariqasida ajratilgan S gepatitiga qarshi “Daklatasvir”dori vositasining beshinchi turkumini Sharm ash-Shayxdan Toshkentga bepul etkazib berdi.
Ushbu insonparvarlik ko`magi O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, mamlakatimizning Qohiradagi elchixonasi va ”Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi hamkorligida tashkil etildi. Insonparvarlik yuklarining yurtimizga olib kelinishi O`zbekiston va Misr o`rtasida sog`liqni saqlash sohasida hamkorlikni yanada jadallashtirish, virusologiya jabhasida o`zaro qo`llab-quvvatlashni tashkil etish doirasida ilgari erishilgan kelishuvlarning amaliy natijasi hisoblanadi.
Umumiy hajmi 17 mingdan ortiq “Daklatasvir” dori vositalari O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan shifotalab bemorlar o`rtasida taqsimlanadi.
Ma`lumot tariqasida qayd etish joizki, Misr sog`liqni saqlash vazirligi bilan 2023 - 2024 yillar davomida umumiy qiymati 4,8 million dollar hajmidagi 800 ming dona (40 tonnaga yaqin) S gepatitiga qarshi “Daklatasvir” va “Sofosbuvir” dori vositalarini yurtimizga bepul etkazib berish bo`yicha kelishuvlarga erishilgan.






