22 yoshli fuqaro IIBga ariza bilan murojaat qilib, Samarqand shahrida yashovchi shaxs firibgarlik yo`li bilan noqonuniy ravishda AQShga jo`natish ishlari bilan shug`ullanishini ma`lum qilgan.
U dastlab Evropa orqali Meksikaga, u erdan esa AQSh hududiga olib o`tish uchun 30 ming AQSh dollari, hujjatlarni rasmiylashtirish uchun esa oldindan 10 ming AQSh dollarini talab qilganini bildiradi.
Samarqand viloyat IIB tezkor-qidiruv xizmati jinoyat-qidiruv boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo`limi xodimlari tomonidan o`tkazgan tadbir davomida ushbu shaxs arizachidan 10 ming dollar olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






