Qashqadaryo viloyatida ikki nafar bloger mayda bezorilikda ayblanib, har biri 5 sutkadan ma`muriy qamoq bilan jazolandi. Bu haqda viloyat sudi axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, kecha, 29 may kuni jinoyat ishlari bo`yicha Shahrisabz shahar sudining ochiq sud majlisida A. Abdullaev (1987 yilda Yakkabog` tumanida tug`ilgan, blogerlik faoliyati bilan shug`ullanadi), U. Karimov (1996 yilda Qarshi tumanida tug`ilgan, "Nasaf News" veb-sayti rahbari) va M. Muzaffarov (1988 yilda Yakkabog` tumanida tug`ilgan, avtoblogerlik faoliyati bilan shug`ullanadi) ga oid ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ish ko`rib chiqildi.
Ish hujjatlariga ko`ra, 2023 yil 29 may kuni soat 10:20 larda Shahrisabz shahar IIB YHXB ma`muriy binosi oldida oq rangli davlat raqam belgisi echilgan holda barcha oynalari to`liq qoraytirilgan "Jentra" rusumli avtomashina turganligini ko`rgan Shahrisabz shahar IIB YHXB boshlig`i F. Yangiboev ushbu avtomashinadan shubhalanib, hujjatlarini tekshirish va ushbu avtomashinani kimga tegishli ekanligini aniqlash uchun borganida, ushbu avtomashina oldida turgan A. Abdullaev avtomashina unga tegishli ekanligini ma`lum qilib, o`zining fuqarolik pasportini taqdim qilib, avtomashinaga tegishli hujjatlarni esa taqdim qilmasdan, «xohlasang o`zing topib ol» deb qo`pollik qilgan. Shunda Shahrisabz shahar IIB YHXB F. Yangiboev va YPX inspektorlari M. Karimov, S. Pirmanov va D. Ashurov bilan birga ushbu avtomashinani kimga tegishli ekanligini aniqlash va sodir qilgan qoidabuzarligi uchun jarima maydoniga joylashtirmoqchi bo`lganida, haydovchi A. Abdullaevning yonida turgan fuqarolar M. Muzaffarov va U. Karimov IIB xodimlariga nisbatan qo`pollik qilib, ularga hurmatsizlik va bepisandlik qilib, ularga sensirab murojaat qilib, janjal qila boshlagan.
Shundan so`ng Shahrisabz shahar IIB YHXB F. Yangiboev darhol Shahrisabz shahar IIBga qo`ng`iroq qilib, vaziyatni tushuntirib, yordamchi kuch yuborishni so`ragan. Shahrisabz shahar IIB binosi va Shahrisabz shahar IIB YHXB binosi yonma-yon joylashganligi uchun zudlik bilan Shahrisabz shahar IIB boshlig`ining o`rinbosari J. Raupov voqea joyiga etib kelib, A. Abdullaev bilan suhbatlashib, undan “ushbu avtomashinaning egasi sizmi?” deb so`raganida, A. Abdullaev IIB boshlig`ining o`rinbosari J. Raupovga nisbatan ham ko`pchilik fuqarolar oldida “sen kimsan?” deb qo`pol munosabatda bo`lib gaplasha boshlagan. Shunda A. Abdullaevning yonida turgan M. Muzaffarov va U.Karimov ularning suhbatiga aralashib, ular ham IIB boshlig`ining o`rinbosari J. Raupov va boshqa xodimlar bilan o`ta qo`pol munosabatda bo`lib, “senlar gala vallomatlar jonga tegib ketdinglar, yashab bo`lmay qoldi” deb, atrofga ko`plab odamlarni to`planishiga va fuqarolar oldida IIB xodimlarini obro`sizlantirganlar.
IIB boshlig`ining o`rinbosari J. Raupov M. Muzaffarov va U. Karimov “o`zingizni bosing, qizishmang” deb aytishiga qaramasdan, M. Muzaffarov va U. Karimov IIB binosi oldida baqir-chaqir qilib, “senlar shoshmay tur, har biring bilan gaplashamiz hali” deb, ko`pchilik fuqarolarning oldida jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, baqir-chaqir qilib, mayda bezorilik qilganlar.
Shundan so`ng shu erda turgan yana bir oq rangli “Jentra” rusumli, davlat raqam belgisi echib olingan, barcha oynalarining tusi o`zgartirilib qoraytirilgan avtomashina turganligi aniqlanib, surishtiruv jarayonida ushbu avtomashina M. Muzaffarovga tegishli davlat raqam belgisi 70 W 102 WA avtomashina ekanligi, avtomashinaning barcha oynalarining tusi tegishli ruxsatnomasiz o`zgartirilib qoraytirilganligi, davlat raqam belgisi o`zboshimchalik bilan echib olinganligi aniqlangan.
Shuningdek, olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida A. Abdullaevga tegishli oq rangli, “Jentra” rusumli, davlat raqami 70 U 102 UA bo`lgan avtomashinaning barcha oynalarining tusi tegishli ruxsatnomasiz o`zgartirilib qoraytirilganligi, tegishli ruxsatnomasiz qayta jixoz o`rnatilganligi, davlat raqam belgisi o`zboshimchalik bilan echib olinganligi, tegishli ruxsat olmay turib transport vositasiga tovush chiqaruvchi va yorituvchi maxsus qurilma o`rnatganligi aniqlangan.
Jinoyat ishlari bo`yicha Shahrisabz shahar sudining 2023 yil 29 maydagi qaroriga ko`ra:
A. Abdullaev MJtK 125-moddasi (transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish) 3-qismi, 5-qismi, 126-moddasi (ko`zgusimon va (yoki) tusi o`zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali, shuningdek tevarak-atrofni ko`rishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan foydalanish) 1-qismi, 127-moddasi (transport vositalarining tovush chiqaruvchi, yorituvchi va boshqa qurilmalaridan foydalanish, ularni o`rnatish qoidalarini buzish) 2-qismi, 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, unga MJtKning 34-moddasi (bir necha huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun ma`muriy jazo qo`llanish) tartibida 5 sutka ma`muriy qamoq jazosi;
U. Karimov MJtK 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga 5 sutka ma`muriy qamoq jazosi;
M. Muzaffarov 125-moddasi 5-qismi, 126-moddasi 1-qismi va 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, unga MJtKning 34-moddasi tartibida 5 sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Ushbu qarordan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Qashqadaryo viloyat sudining apellyasiya instansiyasiga shikoyat berish va protest bildirishga haqliligi ma`lum qilinadi.






