Adliya vazirligi "Davlat belgisi" DUK, "O`zbekipaksanoat" uyushmasi hamda Toshkent to`qimachilik va engil sanoat instituti mutaxassislari o`zaro hamkorligida innovasion usulda tabiiy ipak tolalari qo`shilgan himoyalangan qog`ozlarni tayyorlash bo`yicha izlanishlariga patent berdi.
Qayd etilishicha, tabiiy ipak tolalari qo`shilgan qog`oz tayyorlash texnologiyasi dunyoda ilk bor O`zbekistonda ishlab chiqilgan va bu banknotlar, qimmatli qog`ozlar hamda boshqa hujjatlar uchun himoya xususiyatlarini oshiradi.
Ya`ni, mazkur ixtiro tufayli himoya elementlari tarkibiga tabiiy ipak tolalari qo`shilgan qimmatbaho qog`ozni boshqa turdagi qog`ozlardan ajratish imkoniyati paydo bo`ladi.
Markaziy bank ma`lumotiga ko`ra, qog`oz tayyorlash jarayonida tabiiy ipak tolalar qog`oz massasiga qo`shiladi va so`ngra unga fluoressent eritmasi shimdiriladi. Ultrabinafsha nurlar bilan yoritilganda ipak oqsili kuchaytirilgan to`q rangga kiradi va shu yo`sinda qog`oz qalbakilashtirishdan himoyalanadi. Bir xil qalinlikdagi tabiiy ipakning qog`oz tarkibiga qo`shilishi natijasida uning mustahkamligi bir necha baravar oshadi.






