Joriy yilning 30 may kuni soat 16:00da Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani “Hamkorlik” mahallasi raisi Nurmamat Shoymardonovning yashash uyiga fuqaro A.I., mast holda bostirib kirib, maishiy muammolarini ro`kach qilgan holda mahalla raisi va uyda bo`lgan oila a`zolarining tinchligini buzib, janjal ko`targan. Bu haqda IIV xabar berdi.
Chaqiruvga asosan voqea joyiga etib kelgan mahalla profilaktika inspektori kapitan G`ofur Berdiev, tartibbuzar fuqaro voqea joyidan noma`lum tomonga qochib ketganligiga guvoh bo`lgan.
Olib borilgan qidiruv tadbirlari natijasida, shu kuni soat taxminan 19.00larda tartibbuzar A.I. o`z uyiga qaytib kelganligi aniqlanib, u bilan sodir etgan huquqbuzarlik holatini rasmiylashtirish maqsadida tartibbuzarning xonadoniga borgan kapitan Berdiev, xonadon egasining keskin qarshiligiga uchraydi.
Xonadon egasi, bolta bilan profilaktika inspektoriga hujum qilib, uning chap qo`l tirsagini yaralaganiga qaramasdan, jismoniy kuch ishlatilib, huquqbuzar zararsizlantirilgan.
Shundan so`ng, kapitan Berdiev xonadon qo`shnilari va voqea joyiga etib kelgan hamkasblari yordamida shifoxonaga etkazilgan. Tibbiy ko`rik natijasida chap tirsak pastki qismi suyaklarining ochiq singanligi va qon tomirlarini kesilishi oqibatida ko`p qon yo`qotganligi aniqlanib, tezkorlik bilan tegishli muolajalar ko`rsatilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Sariosiyo tumani prokuraturasi tomonidan tegishli moddalar bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, gumonlanuvchi shaxs prosessual tartibda qamoqqa olingan.
Hayotini xavf ostiga qo`yib jinoyatchini zararsizlantirgan profilaktika inspektori kapitan G`ofur Berdievni rag`batlantirish masalasi ko`rilmoqda.






