Ijtimoiy tarmoqlarda banklar ustav kapitalining eng kam miqdori bo`yicha qo`yilgan talablarga sakkizta bankning kapitali javob bermasligi haqidagi xabarlar tarqaldi.
Markaziy bank mazkur xabar yuzasidan ma`lumot berdi.
O`zbekiston Respublikasining "Banklar va bank faoliyati to`g`risida"gi Qonunining 13-moddasiga kiritilgan o`zgartirishlarga ko`ra, bank ustav kapitalining eng kam miqdori 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab ikki yuz milliard so`mni va bosqichma-bosqich 2025 yil 1 yanvardan besh yuz milliard so`mni tashkil etishi lozimligi belgilangan.
Markaziy bank qonun loyihasi ishlab chiqilayotgan vaqtda, tijorat banklariga ustav kapitalini belgilangan miqdorga etkazish bo`yicha aniq choralarni belgilash va uning ijrosini ta`minlash yuzasidan tegishli ko`rsatmalar bergan.
"Ustav kapitali miqdori belgilangan minimal talablarga javob bermaydigan banklarga nisbatan qonun hujjatlariga asosan boshqa banklarga qo`shilish tavsiya etiladi, aks holda ulardan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi lisenziyasi chaqirib olinadi", deyiladi MB xabarida.






