“Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformasiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident farmoni (PF–81-son, 31.05.2023 y.) qabul qilindi
Farmon bilan Tabiat resurslari vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi deb qayta nomlandi.
2023 yil 1 iyuldan “Jamoatchilik ekologiya nazoratchisi” tizimi joriy qilinadi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o`rmon xo`jaligi sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi va uning ijrosi ustidan nazoratga mas`ul bo`lgan Bosh prokuror o`rinbosari lavozimi kiritildi.
Vazirlikda alohida yuridik shaxs maqomiga ega bo`lmagan Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi tashkil etildi.
Farmonga ko`ra, 2023 yil 1 dekabrgacha tumanlarda (shaharlarda) atmosfera havosi ifloslanishi fon monitoringini amalga oshirish uchun avtomatlashgan kichik stansiyalar o`rnatiladi.
2025 yil yakunigacha respublika hududi bo`yicha atmosfera havosining tabiiy ifloslanishi yuqori bo`lgan hududlarni prognozlash va aholini barvaqt ogohlantirish tizimi sinov tariqasida joriy etiladi.
2024 yil yakunigacha hududlarni ekologik baholash bo`yicha indikatorlar asosida “eco-indicator.uz” reytingi shakllantiriladi va har bir hududning ekologik pasporti e`lon qilinadi.
Farmonga muvofiq, Milliy tabiiy meros ob`ektlari ro`yxati joriy etiladi.
2024 yildan, jumladan, quyidagilar uchun har yili 500 milliard so`m ajratiladi:
- ️“yashil belbog`”, “yashil bog`” va “yashil jamoat park”lar hamda “yashil qoplamalar” – himoya o`rmonzorlarini barpo etish va doimiy foydalanuvchiga topshirilgunga qadar saqlab turish;
- ️asosiy temir yo`l va magistral avtoyo`llar bo`yida daraxt ko`chatlarini ekish;
- ️har bir tuman va shaharda 5 gektardan kam bo`lmagan maydonlarda bog`lar barpo etish.
2023 yil yakunigacha har bir davlat tashkiloti va hokimlikning o`z bog`lari tashkil etiladi hamda 3 yil davomida parvarishlanadi.
2024 yil 1 yanvardan uy sharoitida yoki kasanachilik asosida daraxt va buta ko`chatlarini (nihol) etishtirish faoliyati o`zini o`zi band qilgan shaxslar shug`ullanishi mumkin bo`lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) hisoblanadi.






