May oyida respublika bo`yicha 20,6 milliard so`mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish jolatlari aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi deya xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, 2023 yilning may oyida Energetika vazirligi huzuridagi «O`zenergoinspeksiya» va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o`tkazilgan nazorat tadbirlarida 135 ta holatda iste`molchilar tomonidan 23 mln kVt/soat elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. Buning natijasida tizimga 20,6 mlrd so`m zarar keltirilgan.
Noqonuniy foydalanishning eng ko`p holatlari Samarqand, Jizzax va Buxoro viloyatlari hissasiga to`g`ri kelgan. Jumladan, Samarqand viloyatidagi “Ch. Z. D.” fermer xo`jaligida 1,7 mlrd so`m, Jizzax viloyatidagi ilmiy-tajriba stansiyasida 442,9 mln so`m, Buxoro viloyatidagi “T. K.” MChJda 324 mln so`m miqdoridagi qayta hisoblash ishlari amalga oshirildi.
Qayd etilishicha, qoidabuzar iste`molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko`rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.






