”Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–171-son, 31.05.2023 y.) qabul qilindi
Qaror bilan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi tuzilmasida Situasion markaz tashkil etildi.
2023 yil 1 iyulgacha “Toza hudud” davlat unitar korxonalari va obodonlashtirish boshqarmalariga tegishli qattiq maishiy chiqindi poligonlari Vazirlik tasarrufiga o`tkaziladi.
2025 yil 1 yanvargacha tibbiyot muassasalari, veterinariya va farmasevtika sohasi tashkilotlarining chiqindilari bo`yicha quyidagi tartib bosqichma-bosqich joriy etiladi:
- chiqindilarni yig`ish va saqlash soha tashkilotlari tomonidan;
- ushbu chiqindilarni olib chiqib ketish va utilizasiya qilish sanitar tozalash korxonalari tomonidan markazlashgan holda amalga oshiriladi.
2023 yil 1 iyuldan qattiq maishiy chiqindilarni to`plash, olib chiqib ketish bo`yicha aholiga ko`rsatilgan xizmatlar uchun vujudga kelgan qarzdorlikni majburiy tartibda undirish uchun sudga da`vo arizalari sanitar tozalash xizmatlarini ko`rsatuvchi korxonalar tomonidan kiritiladi.
2024 yil 1 yanvardan Bo`stonliq va Zomin tumanlaridagi turistik-rekreasion zonalarda ekologik toza hudud rejimi tatbiq etiladi.
Vazirlik davlat organlari va tashkilotlarida qog`ozdan foydalanishni keskin kamaytirish, ayrim yo`nalishlarda faoliyatni to`liq raqamlashtirish orqali qog`ozdan to`liq voz kechish bo`yicha nazorat o`rnatishga mas`ul etib belgilandi.
2024 yil 1 martdan ekologik toza hudud rejimi joriy qilingan hududlardagi fuqarolar yig`inlariga “ekomahalla”, “ekoqishloq” va “ekoovul” maqomi beriladi.






