AsosiyJamiyat

"Hujjatda Nogironligi bo`lgan shaxslarning hayot kechirishi uchun qulaylik yaratish davlat tomonidan aholini manzilli ijtimoiy himoya qilishning asosiy yo`nalishi etib belgilangan"

'"Hujjatda Nogironligi bo`lgan shaxslarning hayot kechirishi uchun qulaylik yaratish davlat tomonidan aholini manzilli ijtimoiy himoya qilishning asosiy yo`nalishi etib belgilangan"'ning rasmi

Avvalroq, aholiga kompleks yondashuv asosida professional ijtimoiy xizmatlar ko`rsatish tizimini joriy qilish maqsadida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilgani haqida xabar bergan edik.

Xo`sh, yangi agentlikning vazifa va funksiyalari nimalardan iborat, aholini ijtimoiy himoya bilan qamrab olish uchun alohida agentlik tuzish zarurati bizda bormidi, yangi tuzilgan agentlikdan aholi qanday naf ko`radi? Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasining boshlig`i o`rinbosari Qutlimurod Chyurenov Darakchi.uz ning shu va shu kabi savollariga javob berdi.  

Yangi agentlik tuzishdan maqsad nima?

Bugungi kunda davlat tomonidan kafolatlangan 170 dan ortiq ijtimoiy xizmatlar va yordamlar bir-biridan tarqoq tarzda bir nechta vazirlik tomonidan ko`rsatilmoqda.

Hurmatli Prezidentimiz 30 may kuni o`z saylovoldi dasturi yuzasidan so`zlagan nutqida ijtimoiy xizmatlar sohasi butkul qayta ko`rib chiqilishi, aholiga kompleks yondashuv asosida professional ijtimoiy xizmatlar ko`rsatish tizimi joriy qilinishini aytib o`tdilar. 

Prezidentimizning “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko`rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo`lga qo`yish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar to`g`risida” joriy yil 1 iyundagi PF–82-son Farmoni bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi. Kambag`allik, Sog`liqni saqlash, Ichki ishlar, Moliya, Maktab ta`limi, Oliy ta`lim vazirliklarida tarqoq bo`lgan ijtimoiy xizmatlar yaxlit tizimga birlashtirildi. 

Yangi tahrirdagi Konstitusiyada e`lon qilingan ijtimoiy davlat tamoyillarini inobatga olgan holda, fuqarolarning ijtimoiy himoyaga oid huquqlarini va manfaatlarini so`zsiz ta`minlash, aholiga ijtimoiy xizmatlarni ko`rsatish sifatini tubdan oshirish maqsadida mazkur sohaga ilg`or xalqaro standartlarga asoslangan mutlaqo yangi boshqaruv tizimi joriy etildi. 

Agentlik faoliyatining asosiy yo`nalishi nimada?

Hujjatda Nogironligi bo`lgan shaxslarning hayot kechirishi uchun qulaylik yaratish davlat tomonidan aholini manzilli ijtimoiy himoya qilishning asosiy yo`nalishi etib belgilangan. 

Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va uning bo`linmalari negizida Agentlik markaziy apparatida Nogironligi bo`lgan shaxslarning funksionalligini baholash boshqarmasi va uning hududiy bo`linmalari tashkil etildi. 

Ushbu boshqarmaning asosiy vazifasi O`zbekistonda nogironlikni belgilashda jahonda umume`tirof etilgan ijtimoiy modelga bosqichma-bosqich o`tishni ta`minlash hisoblanadi. 

Amaldagi Nogironlikni belgilashning tibbiy modelida fuqaroning sog`lig`ini yo`qotganligi darajasiga qarab nogironlik belgilanadi. 

Ijtimoiy modelda esa, fuqaroning sog`lig`ini yo`qotganligi bilan bir qatorda, jamiyatda bino-inshootlar, yo`l infratuzilmalari, jamoat transportlari, ta`lim olish, mehnat qilishda boshqalar singari teng ravishda foydalanishi uchun to`siqsiz muhit yaratilganligi inobatga olinadi. 

Ijtimoiy modelning asosiy maqsadi shaxsning sog`ligini tiklash bilan birga, boshqalar singari ishtirok etishi uchun jamiyatda to`siqlarsiz sharoitlar yaratish hisoblanadi. 

Ya`ni, jamiyat nogironligi bo`lgan shaxslarning imkoniyatlariga qanchalik moslashtirilgan bo`lsa, nogironlik darajasi ham shuncha kamayadi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi vakolatlariga nimalar kiradi?

Imzolangan Farmonga muvofiq Ijtimoiy himoya milliy agentligiga vakolatli davlat organlari tomonidan aholini ijtimoiy himoya qilish bo`yicha dasturlar talablarini bajarmaganligi uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan chora-tadbirlarni qo`llash bo`yicha taqdimnomalar kiritish va jarimalar qo`llash vakolati berilmoqda. 

2023 yil 15 iyundan boshlab Kambag`allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimidan:

  • Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va uning hududiy bo`linmalari;
  • Nogironligi bo`lgan shaxslarni reabilitasiya qilish va protezlash milliy markazi hamda uning hududiy markazlari;
  • Ayollarni reabilitasiya qilish va moslashtirish respublika markazi  hamda uning hududiy bo`limlari;
  • Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish bo`yicha respublika reabilitasiya markazi;
  • keksalar va nogironligi bo`lgan shaxslar uchun “Muruvvat” va “Saxovat” internat-uylari;
  • Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati;
  • keksalar, nogironligi bo`lgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylar Agentlik tizimiga o`tkaziladi. Qolgan vazirliklarda ko`rsatilayotgan ijtimoiy yordam va xizmatlar Agentlik tizimiga bosqichma-bosqich o`tkaziladi. 

 

Xulosa o`rnida nima deya olasiz?

Qilingan islohotlar nogironligi bo`lgan shaxslarning ijtimoiy himoya qilish bo`yicha huquqlarini ta`minlashga, boshqalar singari ishtirok etishi uchun jamiyatda to`siqlarsiz sharoitlar yaratilishiga, shuningdek ko`rsatiladigan ijtimoiy yordam hamda xizmatlarning samarasi va sifatining tubdan yaxshilanishiga xizmat qiladi. 

    Boshqa yangiliklar