O`zbekiston Respublikasi prezidentining Jahon savdo tashkiloti masalalari bo`yicha maxsus vakili lavozimi joriy etildi. Bu davlat rahbarining "O`zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a`zo bo`lish jarayonini jadallashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida"gi qarorida belgilangan.
2023 yilning 1 iyulidan boshlab Jahon savdo tashkiloti qoida va me`yorlariga muvofiq bo`lmagan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish taqiqlanadi.
Adliya vazirligiga milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uyg`unlashtirish funksiyasi yuklandi. Buning uchun ilgari maqbullashtirilgan shtat birliklari hisobidan qo`shimcha 5 shtat birligi ajratiladi.
Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi tuzilmasida maxsus departament hamda yana 20 ta vazirlik va idoralar joriy shtatlari doirasida tegishli bo`linmalar faoliyati yo`lga qo`yiladi.
A.Urunov O`zbekiston prezidentining Jahon savdo tashkiloti masalalari bo`yicha maxsus vakili lavozimiga tayinlandi.






