AsosiyJamiyat

Respublika ishchi guruhining navbatdagi ommaviy qabuli Xorazmda bo`lib o`tdi

'Respublika ishchi guruhining navbatdagi ommaviy qabuli Xorazmda bo`lib o`tdi'ning rasmi

Davlatimiz rahbari topshirig`iga asosan tuzilgan Respublika ishchi guruhining navbatdagi ommaviy qabuli Xorazm viloyatining Xonqa tumani ”Durgadik“ mahallasida tashkil etildi.

Ochiq muloqotlarda Prezident Administrasiyasi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va Soliq qo`mitasi, viloyat hokimligi rahbar va mas`ullari Qoraqalpog`iston va Xorazm aholisi muammolarini tingladi.

Jumladan, 149 ta murojaat bo`yicha arizalar Oliy sud tomonidan kassasiya va takroran kassasiya tartibida mazmunan ko`rib chiqish uchun qabul qilinib, tegishli sudlov hay`atlariga ko`rib chiqish uchun o`tkazildi. 37 nafar mahkum axloq tuzatish ishlari jazosidan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi, 2 ta jinoyat ishi bo`yicha 2 nafar shaxs sud zalidan qamoqdan ozod etildi, 4 ta jinoyat ishi taraflar yarashganligi sababli tugatildi.

Undan tashqari, tadbirkorlik sub`ektlari da`vo arizalari asosida ular foydasiga 1.2 mlrd. so`mlik qarzdorlik undirilishi belgilandi.

Ichki ishlar vazirligi rahbariyati bilan muloqotlar natijasida surishtiruv yo dastlabki tergov harakatlaridan norozi 63 nafar murojaatchining masalasi hal qilib berilgani yoki 12 nafar sobiq xodimning yana tizimga ishga tiklangani – jamiyatimizda adolat ovozi tobora balandroq jaranglayotganiga yorqin hayotiy misoldir.

Xivalik Odilbek Xudoyberganov esa oilaviy korxonasi uchun olgan 2 milliard 179 million so`m kreditni to`layotgan bo`lsa-da, bank va ta`minotchi xorijdan qo`lqop ishlab chiqarish uskunalarini to`liq etkazib bermaganidan shikoyat qilyapti. Murojaatdan so`ng mazkur masala Bosh prokuratura nazoratiga olindi.

Qoraqalpog`istonlik Shaydo Nuralieva avvalgi murojaatlari asosida kuni kecha turmush o`rtog`i Husniddin Nuralievga oqlov hukmi chiqarilgani uchun Oliy sud mas`ullariga minnatdorlik bildirdi.

Soliq qo`mitasi mas`ullariga murojaatidan so`ng urganchlik tadbirkor Oybek Bekchanovga noto`g`ri hisoblangan 1 mlrd. so`mdan ziyod  qo`shilgan qiymat solig`i qaytariladigan bo`ldi.

Bundan tashqari qabullar natijasida 63 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarga kontrakt to`lovlari to`lab berilishi belgilandi, 40 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarga tikuv mashinalari, zarur asbob-uskuna va boshqa jihozlar berildi.

Ommaviy qabulda ko`rib chiqilgan 1164ta masalaning 331tasi joyida hal qilinib, 262 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan bo`lsa, 571 ta murojaat nazoratga olindi.

    Boshqa yangiliklar