Ijtimoiy tarmoqlarda erkak o`z vaqtida tibbiy yordam berilmagani tufayli ayolining homilasi nobud bo`lganini da`vo qilgan.
Mazkur vaziyat yuzasidan viloyat SSBning aniqlanishicha, videotasvirlarda Kasbi tumanilik 2004 yilda tug`ilgan H.Z. haqida so`z yuritilgan. Ayol Kasbi tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 9-oilaviy poliklinikada 2022 yil 20 dekabr kuni homiladorlik hisobiga (homiladorlik I, 14 haftalik) olingan.
Homilador va tuqqan ayollar individual kartasida qayd etilishicha, unda klinik va laboratoriya tekshiruvlari o`tkazilgan. Umumiy qon tahlili bo`yicha gemoglabin 88 g/l, kamqonlik o`rta og`ir darajasi, surunkali pielonefrit bilan og`rigan. Ushbu kasalliklar bo`yicha faqat uyida davolangan. Homiladorlik vaqtida skrining tekshiruvidan o`tishdan ayolning o`zi bosh tortgan.
Homilador ayol H.Z. Kasbi tumani markaziy shifoxonasi tug`ruq bo`limiga 2023 yil 7 iyun kuni soat 07:30 da murojaat qilgan. Navbatchi vrach akusher-ginekolog Inobat Shomalieva tomonidan tekshirilib, homiladorlik- I, 39 hafta, tug`ruq darakchisi, surunkali kamqonlik og`ir darajasi, surunkali pielonefrit tashxisi bilan bo`limga qabul qilingan. Klinik laboratoriya tekshiruvlaridan o`tkazilgan.
UTT xulosasi bo`yicha: homiladorlik - 39 hafta, homila yo`ldoshini vaqtidan oldin markazdan ko`chishi va homilaning ona qornida nobud bo`lishi, retroplasentar gematoma tashxisi qo`yilgan va kerakli muolajalar standart asosida qilingan. Vaziyatni hisobga olib homilador ayol qarindoshlarni talabi bilan “Tez tibbiy yordam” mashinasida shifokor Inobat Shomalieva kuzatuvida 7 iyun kuni soat 16:10da viloyat perinatal markaziga keltirilgan.
"Bu erda bemorda zudlik bilan kesar kesish operasiyasi o`tkazilgan va o`lik chaqaloq olingan. Amaliyotdan so`ng davo muolajalari davom ettirilmoqda.
Bemor va uning yaqinlari shifokorlarning xatti-harakatlaridan norozi bo`lishsa, huquqni muhofaza qilish idoralariga murojaat qilishlari mumkin", deyiladi Qashqadaryo viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati.






