AsosiyJamiyat

Lisenziyasidan ayrilgan xususiy klinika SSVni ayblamoqda

'Lisenziyasidan ayrilgan xususiy klinika SSVni ayblamoqda'ning rasmi

Yaqinda Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan talablarni bajarmay, qator manzillarda noqonuniy faoliyatini davom ettirib kelgan “Intermed Innovation” MChJning lisenziyasi bekor qilingani haqida xabar bergandik.

Shundan so`ng MChJga aloqador manbalar internet saytlari orqali SSVning ayblovlari umuman asossiz ekanligini ma`lum qilishgan. 

SSV mazkur vajlarga Toshkent shahar iqtisodiy ishlar bo`yicha sudlov hay`ati apellyasiya instansiyasining sud majlisida huquqiy baho berilgani hamda sud qarorida bu haqda aniq to`xtam hamda echimlar aks ettirilganini ma`lum qildi.

Sog`liqni saqlash vazirligi autsorsing yoki davlat-xususiy sheriklik asosida tadbirkorlik sub`ektlaridan tibbiy xizmatlarni sotib olish yoxud tibbiy xizmat ko`rsatish uchun shartnomaviy munosabatlarga kirishishda bu bo`yicha lisenziyaga ega bo`lish yoyinki lisenziya olish talabini shartnomaning alohida sharti sifatida ko`rsatadi.

“Intermed Innovation” MChJ va Sog`liqni saqlash vazirligi o`rtasida 2020 yil 10 fevralda tuzilgan  №1-33K-sonli “Toshkent shahrida markazlashtirilgan klinik-diagnostik laboratoriya tashkil etish, jihozlar bilan ta`minlash va faoliyatini yuritish haqida”gi Konsessiya shartnomasining (118-120-varaqlari) 12-ilovasida keltirilgan “Uch tomonlama operatorlik kelishuvining asosiy shartlari” hujjatining 3-bandida “Operasion kompaniya uchun qo`yilgan asosiy talablardan biri barcha zarur bo`lgan lisenziyalarni olish” ekanligi belgilab qo`yilgan.

Demak, “Intermed Innovation” MChJ tibbiy faoliyat manzillari va ularda joriy qilingan tibbiy ixtisosliklar bo`yicha lisenziya olmasdan yoki lisenziyasiga o`zgartirish kiritmasdan Konsessiya shartnomasi yoxud davlat-xususiy sheriklik asosida tibbiy faoliyatni amalga oshirishi mumkin emas.

 Biroq MChJ Sog`liqni saqlash vazirligiga xabarnoma, e`tiroz, shikoyat shakllarida bir necha marta murojaat qilib, yangi faoliyat manzillari uchun lisenziya talab-shartlari bo`yicha ekspertlik o`rganish jarayonlaridan o`tmasligini, faoliyat manzillarida lisenziyalanadigan faoliyat uchun sharoit yaratilganligi haqidagi ma`lumotlarni taqdim etmasligini bildirib, jamiyatga muqaddam berilgan lisenziyaga u tomonidan ochilgan filiallar manzillari va ixtisosliklarni kiritib, lisenziyani qayta rasmiylashtirishni so`ragan", deyladi SSV munosabatida.

Ma`lum qilinishicha, “Intermed Innovation” MChJning murojaatida ko`tarilgan masala – filiallarda xizmatlarni tibbiy faoliyat uchun tegishli lisenziya olmasdan yoki mavjud lisenziyaga o`zgartirish kiritmasdan amalga oshirish haqidagi so`roviga rad javobi berilgan. Buning sababi tibbiy faoliyat uchun lisenziya olish jarayoni faoliyatni amalga oshirish joyiga nisbatan qat`iy lisenziya talab va shartlarini o`z ichiga oladi.

Ma`lumot uchun: O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi 80-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini lisenziyalash tartibi to`g`risida yagona Nizom”ning 38-bandiga ko`ra, lisenziyalar lisenziatning arizasiga asosan mas`ul organ tomonidan quyidagi hollarda o`zgartirilishi mumkin:

lisenziya asosida amalga oshirayotgan faoliyatini lisenziyalanadigan faoliyat turining boshqa kichik turi bilan kengaytirishda;

lisenziya asosida faoliyat yuritayotgan yuridik shaxslar tomonidan tashkil etilgan filiallar va vakolatxonalarning ushbu faoliyat bilan shug`ullanishida;

yuridik shaxs hisoblangan tadbirkorlik sub`ektining faoliyatni amalga oshirish joyi o`zgarganda.

Ushbu bandning uchinchi va to`rtinchi xatboshlarida nazarda tutilgan asoslar lisenziat faoliyatini amalga oshirish joyiga nisbatan lisenziya talablari va shartlari pasportlarning 9-bandida belgilangan taqdirda, lisenziyani o`zgartirish tartibida ariza taqdim etiladi.

Tibbiy faoliyat pasportining 9-bandida tibbiy faoliyatini amalga oshirish joyiga nisbatan lisenziya talablari va shartlari belgilangan. Lisenziya olish yoki lisenziyaga o`zgartirish jarayonida Sog`liqni saqlash vazirligi mutaxassislari tomonidan tibbiy faoliyat joyi (bino va xonalari), moddiy-texnik bazasi, tibbiy texnika va tibbiy jihozlari, tibbiy xodimlari o`rganiladi, ekspertiza o`tkaziladi hamda boshqa kelishiladigan organlar tomonidan tegishli kelishuvni yoki xulosani taqdim etish uchun ob`ektlarning joyiga chiqib o`rganish o`tkaziladi.

Nizomning 18-bandiga ko`ra, Kelishiladigan organlar tomonidan tegishli kelishuvni yoki xulosani taqdim etish uchun ob`ektlarni joyiga chiqib o`rganishi uchun lisenziya talabgori lisenziyalovchi va kelishiladigan organlarga tegishli sharoitlarni yaratib berishi kerak.

"Shu sababli, “Intermed Innovation” MChJning mulkchilik asosida yoki boshqa mulkiy huquqlar bo`yicha tegishli bo`lgan, sanitariya qoidalari, me`yorlari va gigienik normativlarga mos bo`lgan lisenziyalangan faoliyat turini amalga oshirishga mo`ljallangan xonalar mavjudligi haqidagi lisenziya talab va shartlariga nisbatan e`tiroz bildirib, ushbu shart Konsessiya shartnomasi bilan qamrab olinishi sababli unga qo`llanilmasligi lozimligini bildirgan vajlari huquqiy asosga ega emas.

Bundan tashqari, Sog`liqni saqlash vazirligi MChJni ogohlantirmasdan va qaror qabul qilmasdan, operatorning 2026 yil 18 fevralga qadar amal qiluvchi № 043023-sonli lisenziyasini to`liq mahrum qilish bo`yicha sudga da`vo kiritgani haqida vaj keltirilgan.

Javobgarning ushbu e`tirozi ham hech qanday asosga ega emas va haqiqatdan mutlaqo yiroq.

Chunki Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan davlatga tegishli bo`lgan oilaviy hamda ko`p tarmoqli poliklinikalarda aholiga tibbiy xizmat ko`rsatishi uchun amaldagi lisenziyasiga o`zgartirish kiritish lozimligi yuzasidan “Intermed Innovation” MChJ va Toshkent shahar Sog`liqni saqlash bosh boshqarmasiga 24.03.2022 yilda 33-0309/8060-sonli, 12.04.2022 yilda 33-09563-sonli hamda 26.04.2022 yilda 33-11230-sonli, 23.08.2022 yilda 33-25109-sonli ogohlantirish xatlari yuborilgan", - deydi SSV.

Qayd etilishicha, sudga ariza kiritilgunga qadar Sog`liqni saqlash vazirligi vakolatli organ sifatida “Intermed Innovation” MChJ tomonidan Toshkent viloyati, Chirchiq shahar, “Sharq” MFY hududida joylashgan 3-sonli oilaviy poliklinika binosida lisenziyasiz tibbiy faoliyat olib borilganligi uchun MChJga moliyaviy jarima belgilagan va bajarilishi majburiy bo`lgan ko`rsatmalardan iborat qaror qabul qilgan.

Mazkur hujjat ijro etish uchun “Intermed Innovation” MChJga yuborilgan. O`z navbatida, MChJ bu qaror talablarini bajarmasligini ma`lum qilgan hamda Toshkent tumanlararo ma`muriy sudiga vazirlikning 33-05606-sonli va 11-05808-sonli qarorlarini bekor qilish va qonunga xilof deb topish to`g`risida ariza kiritgan.

Toshkent tumanlararo sudining shu yil 20 apreldagi ajrimi bilan arizachi “Intermed Innovation” MChJning arizasi bo`yicha qo`zg`atilgan ish yuritishdan tugatilgan va arizachining talablari qanoatlantirilmagan.

"Bularning barchasi “Intermed Innovation” MChJ qabul qilingan qarorlar haqida nafaqat to`liq xabardor, balki mavjud kamchiliklarni sudga qadar bartaraf qilish uchun etarlicha vaqtga ega bo`lganligi hamda ogohlantirilganligini so`zsiz isbotlaydi.

Bundan tashqari, “Intermed Innovation” o`z bayonotida “qo`llangan jarima laboratoriya standartlari yoki tahlil olish tibbiy protokollar buzilgani uchun emas, Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi 3-oilaviy poliklinikaning manzili lisenziyaga ilova qilinmagani uchun belgilangan”ini qayd etgan.

Aslida esa bu poliklinika manzili 2021 yildan boshlab davlat-xususiy sheriklik loyihasi doirasida Sog`liqni saqlash vazirining 2021 yil 24 sentyabrdagi buyrug`i, Konsessiya shartnomasi va operatorlik bitimi bilan loyihaga biriktirilgan hamda unda ishlashga ruxsat berilgan", deya ta`kidlanadi SSV xabarida.

Munosabatda Sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari Ulug`bek Sobirovga oid vajlar ham asosga ega emasligi aytiladi.

Sog`liqni saqlash vazirligi Toshkent tumanlararo sudi va Toshkent shahar sudi tomonidan qabul qilingan qarorlarni qonuniy va adolatli, deb hisoblashni ma`lum qilgan.

Shunga ko`ra, javobgar “Intermed Innovation” mas`uliyati cheklangan jamiyati sud qarorlaridan norozi bo`lgan taqdirda yuqori turuvchi sud instansiyalariga tegishli tartibda murojaat qilishi mumkinligini bildirgan.

 

    Boshqa yangiliklar