Oliy Majlis Senatida doimiy asosda ishlovchi senator Mahmudjon Parpiev Uychi tumanida “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili bo`yicha olib borilayotgan ishlar holatini o`rgandi.
Hududlarni kompleks rivojlantirish borasida ishni “mahallabay” tashkil etish aniq natija beradigan tizim ekani amalda isbotlanmoqda. Jumladan, Uychida o`ziga xos tizim yaratilgan bo`lib, unga ko`ra, har bir mahallaning ixtisoslashuvidan kelib chiqqan holda o`sish nuqtalari belgilab olinyapti.
“Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili bo`yicha ixtisoslashish orqali har bir mahallada azaldan rivoj topgan sohalar, ya`ni mahalliy aholi ko`proq qaysi faoliyat turi bilan shug`ullansa, aynan shu va shunga yondosh faoliyat turlarini yanada rivojlantirish, bu borada yakka tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash, bozor talabiga muvofiq muayyan sohani izchil yo`lga qo`yish, aholi bandligini ta`minlash va pirovardida aholining turmush darajasini yuksaltirishdek oliyjanob maqsad ko`zda tutilmoqda.
Uychi tumanining “Obod” mahalla fuqarolar yig`inida 8 ming nafar aholi yashaydi. 1112 xonadon bor. 3700 nafardan ortiq ishga layoqatli inson o`z qishlog`ida o`ziga yoqadigan, ro`zg`orini boyitadigan sohani mahkam ushlagan. Shundan baraka topyapti. Viloyat markaziga yaqin ushbu hududda qozonga tushadigan hamma mahsulot etishtiriladi. Yil – 12 oy pomidor va bodring ko`chati tayyorlanib, bozorga chiqariladi. Gulchilikka qiziqish obodliklarga ota-bobolardan meroski, mazkur “biznes” ham hozirgi imkoniyatlar davrida jadal rivojlanmoqda. Aksariyat xonadonlarda parnik va issiqxonalar mavjud. Har yili 30-50 million so`mni halol mehnati bilan daromad qilayotgan mirishkorlar juda ko`pchilikni tashkil etadi. Har ikki hovlining bittasida yong`oq daraxti bor. Yong`oq mag`zini eksportga tayyorlashni ham obodliklar joyiga qo`yishadi.
Qishloqning yana bir diqqatga sazovor “biznesi” – yakka tartibdagi tadbirkor Ilhomjon Usmonov tashkil qilgan meva yig`ish va eksportga tayyorlash kichik korxonasi hisoblanadi. 500 nafardan ortiq shu qishloq yoshlari apreldan noyabrga qadar o`z hududlaridagi hamda qo`shni qishloqlardagi aholining meva va boshqa mahsulotlarini yig`ib-terib, ushbu sexga o`tkazishadi. Hisob-kitob tarozining ustida, “pulini erta yo indin olasiz” yo`q. Darvoqe, kichik korxonaga 100 ta “Damas” xizmat qiladi, ya`ni shuncha yigitning qozoni qaynayapti.
Senator xonadonlarda bo`lib, tuman mutasaddilari, mahalla beshligi, aholi vakillariga Senatning qirqbirinchi yalpi majlisida qabul qilingan qonunlar haqida sharh berdi.