Bugun, 14 iyun kuni Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi avtomobillar turargohida yong`in sodir bo`ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, soat 20:32 da Sergeli tumani “So`g`diyona” MFY Obihayot ko`chasida joylashgan yuk avtomobillar turargohida turgan parfyumeriya mahsulotlari yuklangan yuk tashuvchi avtomobilida yong`in yuzaga kelgan va uning yaqinida bo`lgan boshqa bir yuk avtomobili ham yong`indan zararlangan.
Shunga ko`ra, 4 ta yong`in-qutqaruv ekipaji soat 20:39 da voqea joyiga etib borib, yong`in soat 20:44 da o`rab olingan va soat 20:51da o`chirilgan.
Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo`lganlar yo`q. Yong`in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.






