Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan postida YPX xodimi va fuqaro o`rtasidagi suhbat e`lon qilindi. Ushbu suhbatda YHXB xodimi fuqarodan 600 ming so`m talab qilayotgani aytilgan. Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo`l harakati xavfsizligi xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Ma`lum qilinishicha, fuqaro M. prokuratura organlariga murojaat etib, Pop tumani hududidagi “Qamchiq” dovonida joylashgan “Namangan” YPX maskanida xizmat olib borayotgan YPX xodimi unga nisbatan qonun buzilish holati sodir etganligini ma`lum qilib, qonuniy chora ko`rilishini so`ragan.
Prokuratura organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. YHXXga xizmat tekshiruvi o`tkazish bo`yicha taqdimnoma kiritilgan. Xizmat tekshiruvining yakuniy natijasi bo`yicha prokuratura organlari tomonidan huquqiy baho beriladi.
Shuningdek, YHXX tomonidan xodimlar o`rtasida qonunchilikka amal qilish va korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha qat`iy choralar ko`rib borilmoqda.






