Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sariosiyo tuman bo`limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o`tkazildi. Bu haqda Departament Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Unda “F.G.” fermer xo`jaligi hamda “D.Sh.” va “M.B.” oilaviy korxonalarini norasmiy boshqarib kelgan Sh.T. va boshqalar baliqchilikni tashkil etish va g`isht ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish uchun hududiy tijorat banki filialidan ajratilgan 1,2 mlrd so`m imtiyozli kredit mablag`larini hujjatlarni qalbakilashtirish orqali boshqa xususiy korxonalarga o`tkazishga erishib, ushbu mablag`larni naqdlashtirib olganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






