Ijtimoiy tarmoqlarda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi pensiya va nafaqa oluvchilarni bank kartalariga majburan o`tkazilayotganligi bo`yicha xabarlar tarqaldi.
Pensiya jamg`armasining holat yuzasidan ma`lum qilishicha, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 fevraldagi PQ-2753-son Qaroriga muvofiq barcha turdagi pensiya va nafaqa to`lovlari naqd shaklda beriladi yoki fuqarolarning roziligi asosida bank kartasiga o`tkazilishi belgilangan.
Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 fevraldagi PF-6155-son Farmoniga muvofiq pensiya va nafaqalarni naqd pulsiz shaklda olish uchun arizalar fuqarolar tomonidan Pensiya jamg`armasining tegishli bo`limiga murojaat qilmagan holda, tijorat banklari filiallarida bank plastik kartalarini ochish jarayonida yoki bank mobil ilovalari orqali elektron shaklda rasmiylashtirish joriy etilgan.
"Yuqoridagilardan kelib chiqib, Pensiya jamg`armasi tomonidan pensiya va nafaqa oluvchi fuqarolarni bank kartalariga majburan o`tkazish to`g`risidagi xabarlar asossiz bo`lib, barcha harakatlar fuqarolarning xohish istaklari va roziligi asosida amalga oshirilib kelinmoqda", - deyiladi munosabatda.
Agar Sizga nisbatan yuqoridagi kabi holatlar bo`yicha huquqingiz buzilishi yuzasidan harakatlar kuzatilsa Pensiya jamg`armasining “11-40” ishonch telefoniga murojaat qilish so`ralmoqda.