Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi maktabda ikki ayol o`qituvchi erkak hamkasbi tomonidan kaltaklangani haqida xabar berilgan edi.
Bugun, 16 iyun kuni jinoyat ishlari bo`yicha Uzun tuman sudida G. T. (1988 yilda Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida tug`ilgan, 31-sonli maktabning jismoniy tarbiya o`qituvchisi bo`lib ishlagan) ga oid jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha ochiq sud jarayoni tugab, sud hukmi e`lon qilindi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati xabar bermoqda.
E`lon qilingan hukmga ko`ra G. T. Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “g” bandi bilan aybli deb topilib, jinoyat oqibatida ikki nafar jabrlanuvchiga etkazilgan ma`naviy va moddiy zararlar qoplanganligi hamda ularning sudlanuvchiga nisbatan da`vosi yo`qligi inobatga olingan holda unga 1 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda o`tash belgilandi.
"Ushbu qarordan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Surxondaryo viloyat sudining apellyasiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma`lum qilinadi" deyiladi xabarda.






