AsosiyJamiyat

Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi tabiat va odamlar duch keladigan eng jiddiy ekologik va ijtimoiy muammolar nima ekani aytildi

'Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi tabiat va odamlar duch keladigan eng jiddiy ekologik va ijtimoiy muammolar nima ekani aytildi'ning rasmi

Mintaqaviy muloqot ishtirokchilari Markaziy Osiyoda landshaftlarning barqarorligini ta`minlash uchun tabiatga asoslangan echimlarni faolroq qo`llash niyatidalar


Joriy yilning 15-16 iyun kunlari Toshkentda “Markaziy Osiyoda landshaftlarning barqarorligini ta`minlash uchun tabiatga asoslangan echimlar  amaliyotini kengaytirish” mintaqaviy muloqoti bo`lib o`tdi. Yig`ilishda mintaqadagi landshaftlarning holati bilan bog`liq dolzarb muammolar va ularni hal etish yo`llarini muhokama qilindi. Bu haqda Darakchi.uz muxbiri xabar berdi.

Mintaqaviy muloqot O`zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi hamda Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (TMXI) bilan birgalikda Jahon bankining Markaziy Osiyoda landshaftlar barqarorligini ta`minlash dasturi (RESILAND CA+) doirasida tashkil etildi. Tadbir Buyuk Britaniya hukumati homiyligida Jahon bankining Osiyoda bog`liqlik va savdo masalalari dasturi (PACT) ko`magida o`tkazildi.

Mintaqaviy muloqot ishtirokchilari muayyan davlat dasturlarini amalga oshirish jarayonida va iqtisodiyotning ayrim tarmoqlarida Markaziy Osiyo davlatlarining hukumatlari duch kelayotgan huquqiy tartibga solish, moliyalashtirish va tabiatga asoslangan echimlarni amalga oshirish bilan bog`liq muammolarni muhokama qildilar.

“Biz iqlim o`zgarishining salbiy oqibatlari kuchayib borayotgan bir paytda barqaror landshaftlarni yaratish va barqarorlikni ta`minlashga yordam beradigan echimlarni topish uchun birlashishimiz zarur. Biz mintaqaviy muloqotni qo`llab-quvvatlashdan va tabiatga asoslangan echimlardan foydalanish amaliyotini davom ettirish va kengaytirishdagi qat`iyatimizni tasdiqlashdan mamnunmiz”, – dedi O`zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov”.

Iqlim o`zgarishi oqibatlari, erlarning degradasiyasi va bu jarayonlar bilan bog`liq tirikchilik vositalari manbalarining yo`qolishi Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi tabiat va odamlar duch keladigan eng jiddiy ekologik va ijtimoiy muammolarni namoyon qiladi.

Mintaqaning landshaftlari iqlim o`zgarishi va inson faoliyati tufayli kelib chiqqan ekstremal ob-havo hodisalari va tabiiy ofatlar oldida yanada zaif bo`lib bormoqda. Bunda inson faoliyati intensiv qishloq xo`jaligi, daraxtlarni noqonuniy kesish, yaylovlar va chorvachilik sektorini samarasiz boshqarishni o`z ichiga oladi. Ushbu salbiy tendensiyalarning oldini olish va oqibatlarini yumshatish uchun mintaqaviy muloqotni jadallashtirish darkor.

Jahon bankining RESILAND CA+ dasturi Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O`zbekistonning ayrim hududlaridagi qishloq jamoalarini turli tabiiy va iqlim tahdidlari sharoitida landshaftlarni tiklash, hayot va tirikchilik vositalari manbalarini saqlab qolish, cho`llanish, erlarning degradasiyasi va iqlim o`zgarishi sharoitida ularning barqarorligini oshirishda qo`llab-quvvatlaydi.

Ushbu maqsadlarga erishishning asosiy strategiyalaridan biri Markaziy Osiyo mintaqasida tabiatga asoslangan echimlarni keng tadbiq etishdir. Ushbu tadbirlar tabiiy va inson tomonidan o`zgartirilgan ekotizimlarni himoya qilish, barqaror boshqarish va tiklashni o`z ichiga oladi. Ular ijtimoiy muammolarni hal qilish, shuningdek, biologik xilma-xillik va mahalliy aholi farovonligiga foyda keltiradigan kompleks yondashuvni namoyon qiladi.

Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va turli joylarda iqlim o`zgarishiga moslashish uchun maxsus ishlab chiqilgan o`rmonlarni ekish kabi tabiatga asoslangan echimlar sog`lom va samarali ekotizimlar imkoniyatlaridan foydalanadi. Ular iqlim o`zgarishi, tabiiy ofatlar, oziq-ovqat va suv xavfsizligi, biologik xilma-xillikning yo`qolishi va inson salomatligi bilan bog`liq xatarlarni yumshatishga yordam beradi. Ushbu chora-tadbirlarning barchasi tegishli hududlarda barqaror iqtisodiy rivojlanishga ham ko`maklashadi.

“Iqlim o`zgarishiga chidamlilikni oshirish va ayniqsa qishloq joylaridagi kambag`al aholi orasida tirikchilik vositalari manbalarini himoya qilish, iqtisodiy o`sishning yanada ekologik modelini joriy etishni talab qiladi. Jahon banki ushbu muhim maqsadlarga erishishda O`zbekiston hukumatiga faol yordam bermoqda”, — dedi Jahon bankining O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli. “Jahon bankining 2022-2026 yillar uchun Mamlakat bilan hamkorlikning asos dasturi, boshqa tadbirlar qatorida, davlat organlariga landshaftlarni saqlab qolishda, jumladan, cho`llanish va erlar degradasiyasining oldini olish hamda mamlakatning turli hududlarida o`rmonlarni qayta tiklash bo`yicha tadbirlarni amalga oshirishda ko`maklashishni ko`zda tutadi. Biz O`zbekiston bilan Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari o`rtasidagi transchegaraviy tabiiy zonalarni tiklash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ham hissa qo`shmoqdamiz. Shu kunlarda Toshkentda bo`lib o`tayotgan mintaqaviy muloqot ana shunday hamkorlikka misoldir”.

Davlat organlari, moliya institutlari va nodavlat tashkilotlar vakillari Markaziy Osiyoning turli qismlarida tabiatga asoslangan echimlarni joriy etish uchun mavjud imkoniyatlarni o`rganish maqsadida mintaqaviy muloqot doirasidagi muhokamalarda ishtirok etadilar.

Ma`lumot uchun, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (TMXI) dunyodagi bir qator davlatlarning hukumatlari va nodavlat tashkilotlarini o`z ichiga oladi. TMXI, o`ziga a`zo bo`lgan, 1400 dan ortiq tashkilotlarning tajribasi va resurslaridan, shuningdek, 15 mingta o`z ekspertlarininq bilimlaridan foydalanadi. TMXI atrof-muhit holatini baholash va uni himoya qilish bo`yicha tan olingan nufuzli tashkilotdir.

Jahon bankining Markaziy Osiyoda landshaftlar barqarorligini ta`minlash dasturi (RESILAND CA+) Jahon Banki guruhi tarkibidagi tashkilot - Xalqaro taraqqiyot assosiasiyasi (242 mln. AQSh dollari) va trast jamg`armalar (20 mln. AQSh dollari) mablag`lari hisobidan moliyaviy va texnik ko`mak beradi. Dastur Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi qishloq jamoalariga landshaftlarni tiklashda, turli iqlim va ekologik xatarlardan hayot va tirikchilik vositalari manbalarini himoya qilishda ko`maklashish orqali erlarning degradasiyasini oldini olishga va iqlim o`zgarishiga moslashishga, shuningdek, Markaziy Osiyoning chegara hududlarida aholi va infratuzilmaning aytib o`tilgan xatarlarga nisbatan barqarorligini oshirishga yordam beradi. Ushbu chora-tadbirlar qishloq xo`jaligi mahsuldorligini oshirishga, qishloq joylarida yangi ish o`rinlari yaratishga, shuningdek, landshaftlarni boshqarish sohasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga ko`maklashadi.

    Boshqa yangiliklar