AsosiyJamiyat

O`zbekiston Yaponiya bilan atrof-muhitni muhofaza qilish va suv masalalari bo`yicha hamkorlik qiladi

'O`zbekiston Yaponiya bilan atrof-muhitni muhofaza qilish va suv masalalari bo`yicha hamkorlik qiladi'ning rasmi

O`zbekistonning Tokio shahridagi elchixonasida Yaponiya parlamenti quyi palatasi a`zosi Moriyama Xiroyuki bilan muzokaralar o`tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Qayd etilishicha, uchrashuvda asosiy e`tibor O`zbekistondagi bugungi ekologik holat va dolzarb masalalarga qaratilib, iqlim o`zgarishi va ekologik masalalar mamlakatga o`z salbiy ta`sirini ko`rsatayotganligi, xususan bu jarayonlar Markaziy Osiyoda dunyoning boshqa ko`plab mintaqalariga qaraganda ancha jadal kechayotganligi ta`kidlandi.

O`zbekiston hukumati tomonidan qurg`oqchilik va suv tanqisligiga qarshi kurashish, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish va Orolbo`yi mintaqasini rivojlantirish borasida qat`iy harakatlar amalga oshirilayotganligi ma`lum qilinib, Yaponiya ko`p yillardan buyon O`zbekistonning atrof muhitni himoya qilish yo`nalishidagi sa`y-harakatlarni qo`llab-quvvatlayotganligi va ko`plab ekologik muammolarning echimida ko`mak berayotganligi qayd etildi.

Shu o`rinda, Orolbo`yining eng muhim muammolarini hal qilishda muvofiqlashtirilgan yondashuvni ta`minlash maqsadida Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan 2018 yilda BMTning Orolbo`yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo`yicha ko`psheriklik trast fondi tashkil qilinganligi ma`lum qilindi.

Xiroyuki Moriyama Orol dengizidagi ekologik vaziyat bugungi kunda tobora  global muammoga aylanib borayotganligini, ushbu holat oqibatlarini bartaraf etish bo`yicha dunyo mamlakatlari sa`y-harakatlarini birlashtirish va faollashtirish muhimligini ta`kidladi.

Tomonlar BMTning Orolbo`yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo`yicha ko`psheriklik trast fondiga Yaponiya hukumati va tashkilotlari resurslarni mobilizasiya qilish, qishloq xo`jaligi ekinlarini etishtirishda suv tejovchi, tozalovchi, drenaj suvlari sifatini oshiruvchi ilg`or yapon texnologiyalarni keng joriy etish hamda tarixan Buyuk ipak yo`li bilan bog`liq bo`lgan, Yaponiyadagi ilk port shahar — Osaka prefekturasidagi Sakai shahri bilan hududlararo aloqlarini yo`lga qo`yish bo`yicha kelishuvga erishdi.

    Boshqa yangiliklar