Mirzo Ulug`bek as-Sufiyning “Kitabi sivaril-kavakib as-sabita” asariga ko`p bor murojaat etgan. Asar “Ziji jadidi Ko`ragoniy” jadvali uchun asos bo`lib xizmat qilgan. Mazkur qo`lyozmada yulduz turkumlari inson va jonzotlar tasviri yordamida aks ettirilgan.
Asarning 38-sahifasida Sefey (Qayqovus) yulduz turkumi uchun chizilgan suvrat aynan Mirzo Ulug`bekning yuz tuzilishiga o`xshab ketadi. Sahifada hukmdor samo gumbazida, boshida soyabonlik oq kuloh kiygan, oyoqyalang holatda tasvirlangan.
Mirzo Ulug`bek hayotlik davrida chizilgan yana bir muallifi noma`lum suvrat Vashington (AQSh)dagi Frir San`at galereyasida saqlanmoqda.
Surat tepasida arab tilida “as-sulton al-`azam Ulug`bek Kurakon, xalldallahu mulkahu” ya`ni “eng buyuk sulton Ulug`bek Ko`ragon, Alloh uning saltanatini abadiy qilsin” degan bitik bitilgan.






